Hindistonda Nipah virusi bilan bog'liq ikkinchi o'lim holati qayd etildi. Vafot etgan shaxs "nol bemor"ga g'amxo'rlik qilgan hamshira bo'lib, u 25 yoshda edi.

Ma'lumotlarga ko'ra, hamshira yanvar oyida kasal bemor bilan aloqada bo'lganida yuqtirgan. Holati yomonlashgach, u deyarli bir oy davomida komada bo'lib, og'ir ahvolda edi.

Keyinchalik Nipah virusi testi salbiy natija ko'rsatgan bo'lsa-da, bemorda og'ir o'pka infektsiyasi rivojlandi. Uni sun'iy nafas olish apparatiga ulashgan, ammo qutqarib bo'lmadi - u infektsiyaning asoratlaridan vafot etdi. Kasallik fonida immuniteti keskin zaiflashganidan so'ng yurak faoliyati to'xtadi.

Nipah virusi odamlarga hayvonlar, asosan, ko'rshapalaklar va cho'chqalardan yuqadi. Infektsiya nafas olish tizimiga ta'sir qiladi va ensefalitni keltirib chiqarishi mumkin. Mutaxassislarning baholashicha, o'z vaqtida tibbiy yordam ko'rsatilmasa, o'lim darajasi 75% ga yetishi mumkin.

Source: kun.uz