Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligidagi yig'ilishda assotsiatsiya rahbariyatining faoliyati yangi tashabbuslar yo'qligi va sohadagi qoniqarsiz ko'rsatkichlar sababli tanqid qilindi.

Foto: Uzcharmasanoat

Iqtisodiy o'sish sur'atlarini ta'minlashga bag'ishlangan majlisda "Uzcharmasanoat" rahbariyati soha rivojiga yangi yondashuvlar kiritmaganligi va joylarda samarali ish olib bormaganligi ta'kidlandi. Shu sababli assotsiatsiya raisi Akbar Sultonovni lavozimidan ozod etish bo'yicha ko'rsatma berildi.

E'tibor qaratildiki, 972 ta poyabzal ishlab chiqarish korxonalaridan 378 tasi faoliyatini to'xtatgan, yana 120 tasi o'z quvvatlarining yarmidan kamini ishlatmoqda. Kalish, bog'ichlar va aksessuarlar kabi yo'nalishlarda importga bog'liqlik saqlanib qolmoqda.

Natijada o'tgan yil uchun e'lon qilingan 250 million dollarlik eksportning hatto 40% ham ta'minlanmagan. Joriy yil uchun ishlab chiqarish va eksport rejasi ham qoniqarsiz deb topildi.

Akbar Sultonov assotsiatsiya raisi lavozimiga 2024-yil noyabr oyida tayinlangan edi.

Source: kun.uz