Mamlakatning ko‘p hududlarida bugun beqaror ob-havo, ba’zi joylarda kuchli yomg‘ir kuzatiladi, ammo dam olish kunlari yog‘inlar to‘xtaydi va havo harorati oshadi.
Uzgidromet ma’lumotlariga ko‘ra, bugun kunduzi O‘zbekistonning aksariyat viloyatlarida beqaror ob-havo saqlanib, alohida tumanlarda kuchli yomg‘ir yog‘ishi kutilmoqda. Faqat shimoli-g‘arbiy qismida yog‘in prognoz qilinmaydi.
14 fevralga o‘tar kechasi yog‘inlar zonasi sharqqa siljiydi, yomg‘ir faqat markaziy, sharqiy tumanlar va eng janubiy hududlarda saqlanib qoladi.
Shanba, 14 fevral va yakshanba, 15 fevral kunlari butun respublikada yog‘insiz ob-havo kutilmoqda. Kunduzgi harorat oshadi: bugun — 10-15°, yakshanbaga kelib — 17-22°, kechasi — 5-10°.
Shamol 7-12 m/s tezlikda esadi, ba’zi joylarda tuman bo‘lishi mumkin. Tog‘ oldi va tog‘li hududlarda sel oqimlari va qor ko‘chkilarining xavfi saqlanmoqda.
Toshkent shahrida bugun kunduzning ikkinchi yarmida yomg‘ir yog‘adi, harorat 10-12°. Shanba kuni kechasi va ertalab yomg‘ir, kunduzi yog‘insiz. Yakshanba kuni yog‘insiz, kunduzgi harorat 17-20°, kechasi 6-9°. Sharqiy shamol 3-8 m/s tezlikda esadi, tuman bo‘lishi mumkin.
Source: kun.uz