Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Qirgʻizistonda qurilish sohasini tartibga solish maqsadida yangi va keskin cheklovlar joriy etildi. Mamlakatning qurilish, arxitektura va uy-joy kommunal xoʻjaligi vaziri Nurdan Öruntayev imzolagan tegishli buyruqqa koʻra, endilikda obyektning yer osti ishlari toʻliq yakunlanmaguncha xonadonlarni sotish, reklama qilish va fuqarolarning mablagʻlarini jalb etish qatʼiyan taqiqlandi.

Rasmiylarning iddaosicha, ushbu yangi tartib mijozlarning huquqlarini himoya qilish va moliyaviy xatarlarni kamaytirishga qaratilgan. Qurilishning «nolinchi sikli» deb nomlanuvchi poydevor qurish va yer ostidagi barcha ishlar toʻliq tugallanmaguncha quruvchi kompaniyalarga shartnomalar tuzish, oldindan pul yigʻish hamda har qanday reklama kampaniyalarini oʻtkazish taqiqlanishi belgilandi.

Davlat arxitektura-qurilish nazorati departamentiga qoidabuzarliklarni, jumladan, noqonuniy reklama va muddatidan oldin savdo boshlash holatlarini aniqlash vazifasi yuklatildi. Hozirda vazirlik tomonidan qurilish tashkilotlariga tushuntirish ishlari olib borilayotgani va qoidalarga rioya qilmaganlar qattiq javobgarlikka tortilishidan ogohlantirilgani aytilmoqda.

Source: kun.uz