AQSh rejimining federal ijtimoiy dasturlaridagi jiddiy nazoratsizlik va tizimli bo‘shliqlar fonida, Minnesota shtatida COVID-19 pandemiyasi davrida muhtoj bolalarga mo‘ljallangan oziq-ovqat fondini talon-toroj qilishda asosiy vositachilardan biri bo‘lgan 37 yoshli Salim Said 30 yillik qamoq jazosiga hukm qilindi. Mamlakatda keng jamoatchilik e’tirozlariga va siyosiy ziddiyatlarga sabab bo‘lgan mazkur jinoiy ish AQSh rejimining byudjet mablag‘larini taqsimlashdagi zaifliklarini yana bir bor fosh etdi.
Tergov idoralarining da’vo qilishicha, Minneapolisdagi «Safari Restaurant» egasi bo‘lgan Salim Said ehtiyojmand bolalarga go‘yoki bepul ovqat tarqatilgani haqida soxta hisobotlar tuzib, rejim xazinasidan 44 million dollar mablag‘ni o‘zlashtirgan. Federal prokuratura ma’lumotlariga ko‘ra, u har kuni 6 ming nafar bolaga ovqat yetkazib berayotganini da’vo qilgan bo‘lsa-da, Federal qidiruv byurosi (FQB) kameralari kuniga bor-yo‘g‘i 40 ga yaqin kishi kelganini tasdiqlagan. Prokurorlar sud jarayonida uning bu harakatlarini «puxta hisoblangan daromadli yolg‘on» deb baholadilar.
Sud ma’lumotlariga binoan, Said noqonuniy yo‘l bilan qo‘lga kiritilgan soliq to‘lovchilar pullarini 1,2 million dollarlik hashamatli uy, tijorat ko‘chmas mulklari hamda 87 ming dollarlik yuk avtomobili xarid qilishga sarflagan. Uning himoyachilari 12 yillik jazo so‘rab, Said sxemaning bosh tashkilotchisi emasligini ilgari surgan bo‘lsalar-da, federal sudya Nensi Brezel uni nafaqat xalq pullarini o‘g‘irlashda, balki butun shtat obro‘siga putur yetkazishda ayblab, qat’iy jazo tayinladi.
Mazkur firibgarlik «Feeding Our Future» nodavlat tashkiloti orqali amalga oshirilgan umumiy yirik korrupsiya tarmog‘ining bir qismi bo‘lib, avvalroq ushbu guruh rahbari Eymi Bok 42 yillik qamoq jazosiga tortilgan edi. Mahalliy auditorlar Minnesota ta’lim boshqarmasi ilgari ko‘plab shikoyatlar olgan bo‘lsa-da, vaziyatni jiddiy nazoratga olmaganini aniqlagan. Bu kabi qo‘pol xatoliklar va mablag‘larning ochiqdan-ochiq talon-toroj qilinishi shtat rahbariyatiga keskin siyosiy bosim keltirib chiqardi, natijada gubernator Tim Uolts navbatdagi saylovlarda o‘z nomzodini qo‘ymasligini e’lon qilishga majbur bo‘ldi.
Source: www.aljazeera.com