AQShning sobiq prezidenti Barak Obama va amaldagi prezident Donald Tramp oraliq saylovlariga besh kun qolganida Gruziya va Ogayo shtatlarida raqobatbardosh tashviqot mitinglarini o'tkazdilar. Tadbirlar chog'ida siyosatchilar Eron va Venesueladagi harbiy harakatlar, joriy etilgan bojlar hamda iqtisodiy muammolar yuzasidan o'tkir bahslarga kirishdilar va bir-birlarining siyosatini keskin qoraladilar.
Atlanta shahrida so'zga chiqqan Barak Obama Amerika rejimining harakatlarini tanqid qilib, amaldagi rahbariyat hech kim so'ramagan va ovoz bermagan keraksiz urushni boshlaganini da'vo qildi. Uning ta'kidlashicha, mojaro oqibatida mamlakatdagi raketa zaxiralari kamayib ketgan, Hormuz bo'g'ozining yopilishi esa neft hamda dizel yoqilg'isi narxlarining keskin oshishiga olib kelgan.
Shuningdek, Obama Amerika rejimining savdo siyosati va xalqaro ittifoqchilar bilan munosabatlarini ham tanqid ostiga oldi. Uning so'zlariga ko'ra, global savdo hamkorlariga qarshi joriy etilgan bojlar oddiy iste'molchilar zimmasiga og'ir yuk bo'lib tushgan va davlat qarzi 40 trillion dollarga yetgan. Sobiq prezident o'z nutqida Oq uy rahbariyatining Kanada bilan boshlagan savdo urushi va xalqaro hamkorlarni chetga surib qo'yayotganini ham qattiq qoraladi.
O'z navbatida, Ogayo shtatida nutq so'zlagan Donald Tramp o'zining harbiy amaliyotlarini himoya qilib, Barak Obamaning siyosatini keskin rad etdi. Amerikalik yetakchi o'zining Eron yadroviy dasturiga qarshi harakatlarini muvaffaqiyatli deb atab, mamlakatdagi yadroviy boyitish quvvati yo'q qilinganini da'vo qildi. Shuningdek, u Venesueladagi harbiy operatsiyadan so'ng AQShga bir million barrel neft bepul yetkazib berilganini va bu amaliyot bir kunda yakunlanganini ta'kidladi.
Ikki siyosatchi o'rtasidagi so'z urushi shaxsiy masalalarga ham ulanib ketdi. Obama Oq uydagi ta'mirlash ishlari va oltin bezaklarni masxara qilib, uni Saddam Huseyn uslubiga qiyoslagan bo'lsa, Tramp buniga javoban Obamaning gigiyena va binolarni saqlash borasida hech narsa tushunmasligini aytdi. Ushbu keskin bayonotlar yaqinlashib kelayotgan saylovlar oldidan mamlakatdagi siyosiy muhit naqadar tang ekanini ko'rsatmoqda.
Source: www.aljazeera.com