Isroil rejimi kuchlari bosib olingan G‘arbiy Sohilning eng yirik shahri bo‘lgan Xalil shahrini (Hebron) ketma-ket yettinchi kundirki to‘liq qamalda ushlab turibdi. Hududda keng ko‘lamli reydlar o‘tkazilib, aholining harakat erkinligi va hayotiy muhim xizmatlardan foydalanish imkoniyatlari keskin cheklangani aytilmoqda.
Rasmiy manbalarning xabar berishicha, payshanba kuni isroillik harbiylar tomonidan ikki falastinlik tan jarohati olgan va yetti kishi qo‘lga olingan. Shu bilan birga, Isroil harbiylari ko‘magidagi ko‘chmanchilar shahar shimolidagi Ras al-Joura hududida tinch aholi va ularning avtomobillariga hujum uyushtirgani ma'lum qilindi.
Isroil rejimi bosh vaziri Binyamin Netanyahu ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida xavfsizlik kuchlariga Xalil shahrini zudlik bilan yopish va butun G‘arbiy Sohil bo‘ylab to‘liq qamalga tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha ko‘rsatma berganini e'lon qildi. U o‘z bayonotida hududni vayron qilish va uni butunlay o‘zgartirib yuborish bilan tahdid qilgani aytilmoqda.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti rasmiylari va inson huquqlari tashkilotlari mazkur harakatlarni jamoaviy jazo chorasi hamda xalqaro huquqning qo‘pol buzilishi deb baholamoqda. Mutaxassislarning fikricha, Isroil rejimining ushbu harakatlari bosib olingan hududlarda aholini majburiy ko‘chirish va etnik tozalash siyosatining navbatdagi bosqichi bo‘lishi mumkin.
Source: www.aljazeera.com