Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

AQShning nufuzli Kornell universiteti professor-o‘qituvchilari muassasa rahbariyati, xususan prezident Maykl Kotlikoffga nisbatan ishonchsizlik votumini boshladi. Ushbu keskin qadam o‘tgan yili talabalar jamoasida yuz bergan guruhli zo‘rlash voqeasi va universitet ma’muriyatining ushbu jinoyatni yashirishga uringani haqidagi jamoatchilik noroziliklari ortidan yuzaga keldi.

O‘qituvchilar tomonidan payshanba kuni boshlangan ovoz berish jarayoni 6-noyabrgacha davom etishi rejalashtirilgan. Garchi bu rezolyutsiya majburiy yuridik kuchga ega bo‘lmasa-da, u ta’lim dargohi ma’muriyatiga nisbatan o‘qituvchilar ishonchini to‘liq yo‘qotganini anglatuvchi jiddiy signal hisoblanadi. Rezolyutsiya tashabbuskori Pol Ortisning ta’kidlashicha, yuzlab talabalar va xodimlar bu holat Amerika oliy ta’lim tizimidagi chuqur ildiz otgan zo‘ravonlik muammosining faqat bir qismi ekanini bildirmoqda.

Sudga kiritilgan da’vo arizasida keltirilishicha, 2024-yilda «Jeyn Dou» nomi bilan ko‘rsatilgan talaba qiz talabalar birodarligi binosida dori vositalari bilan zaharlanib, yetti nafar erkak talaba tomonidan guruhli zo‘rlangan. Universitet ma’muriyati o‘z obro‘sini saqlab qolish maqsadida hodisaga yetarlicha tezkor munosabat bildirmaganlikda va jinoyat ko‘lamini pasaytirib ko‘rsatishga harakat qilganlikda ayblanmoqda.

Talabalar va o‘qituvchilar noroziligi avj olar ekan, 20 nafar ayol olima vasiylar kengashiga xat yo‘llab, prezident Kotlikoffning zudlik bilan iste’foga chiqishini talab qildi. Maktubda ta’kidlanishicha, jamoatchilikka aniq boshqaruv zarur bo‘lgan paytda tizim butunlay boshqaruvsizlik botqog‘iga botgan.

Mazkur mojaro AQSh rejimining sud-huquq tizimida ham bahslarga sabab bo‘lmoqda. Ayblanuvchilar Nyu-York bosh prokurori Letitsiya Jeymsni tergov nazoratidan chetlatishni talab qilmoqda, biroq sudya bu vajlarga nisbatan shubha bildirdi. Ta’lim muassasalaridagi bunday tizimli inqirozlar AQSh oliy ta’limida mas’uliyat va xavfsizlik borasida jiddiy muammolar mavjudligini ko‘rsatmoqda.

Source: www.aljazeera.com