Xitoyning Yunnan provinsiyasidagi tog' g'orida mutlaq qorong'ilikda yashashga to'liq moslashgan, ko'zisiz, tanasi rangsiz va chig'anog'i yarim shaffof bo'lgan yangi shilliqqurt turi aniqlangani haqida xabar berildi. Ushbu topilma mamlakatda ilk bor qayd etilgan g'orda yashovchi chuchuk suv shilliqqurti bo'lib, ilmiy jamoatchilik e'tiborini tortdi.
Yangi turni Yuyse qishloq xo'jaligi kasb-texnika kolleji va Nanchan universiteti mutaxassislari Yunnan provinsiyasidagi g'orni o'rganish chog'ida topgan. Tadqiqot natijalari Subterranean Biology ilmiy jurnalida e'lon qilingan bo'lib, mollyuskaga qadimgi Xitoy mifologiyasidagi tog'lar homiysi Di Szyan sharafiga Erhaia dijiang nomi berilgani aytilmoqda.
Mutaxassislarning ta'kidlashicha, shilliqqurtlar dengiz sathidan 2062 metr balandlikda topilgan bo'lib, bu Erhaiidae oilasiga mansub g'or shilliqqurtlari uchun hozirgacha qayd etilgan eng baland yashash hududi hisoblanadi. Laboratoriya kuzatuvlarida bu mitti jonzotlarning yorug'likdan qochishi va toshlar ostidagi qorong'i tirqishlarga yashirinishga harakat qilishi aniqlangan.
Olimlarning fikricha, kashfiyot Sharqiy Osiyoning kam o'rganilgan yerosti hayvonot dunyosini tadqiq etish uchun muhim ahamiyatga ega, biroq turning holati jiddiy xavotir uyg'otmoqda. Dastlabki tadqiqotlarda atigi uchta tirik voyaga yetgan shilliqqurt va bitta bo'sh chig'anoq topilgani sababli, mutaxassislar bu nozik muhitga moslashgan mollyuskalarni asrab qolish uchun maxsus muhofaza choralarini ishlab chiqish zarurligini ta'kidlamoqda.
Source: kun.uz