Saudiya Arabistoni chempionatining 12-turida «An-Nasr» o‘z maydonida «Al-Xolud»ni qabul qilib, 5:3 hisobida g‘alaba qozondi. Ushbu uchrashuvda mezbonlar safida harakat qilgan tajribali hujumchi Kriştianu Ronaldu navbatdagi het-trikiga erishdi va o‘zining faoliyatidagi rekord natijalariga yana bir qadam yaqinlashdi. Portugaliyalik futbolchi uchun bu faoliyatidagi 67-het-trik bo‘lib, u 1000talik dovonga yetishiga yana 15 ta gol qolganini ko‘rsatdi.
O‘yin Ronaldu uchun ancha murakkab boshlandi, chunki 41 yoshli forvard birinchi bo‘limning o‘zida raqib darvozasini ikki bor ishg‘ol qilgan bo‘lsa-da, har ikkala gol ham ofsayd holati tufayli bekor qilindi. Mehmonlar safidan Julien Dominges 16-daqiqada hisobni ochdi, biroq Anjelo va Sadio Manening gollari «An-Nasr»ni oldinga olib chiqdi. Tanaffus arafasida Loik Essomba hisobni tenglashtirib, jamoalarni tanaffusga 2:2 hisobida olib chiqdi.
Ikkinchi bo‘limda esa Ronaldu o‘z so‘zini aytdi va 15 daqiqa ichida uchta gol urishga muvaffaq bo‘ldi. 66-, 72- va 81-daqiqalarda raqib darvozasini ishg‘ol qilgan futbolchi jamoasining g‘alabasini ta'minladi. Uchrashuv so‘nggida Dominges penaltidan yana bir bor gol urib, yakuniy natijani o‘rnatdi – 5:3.
Shuningdek, ushbu bahsda yana bir yulduz Joau Felish yuqori o‘yin namoyish etib, to‘rtta golli uzatmaga mualliflik qildi. Ronaldu esa o‘zining navbatdagi yutuqlari bilan Saudiya chempionatidagi mavqeini yanada mustahkamladi.
Source: kun.uz