AQŞ harbiy razvedkasi Xitoy kosmosda yo‘naltirilgan energiyaga asoslangan qurol tizimlarini joylashtirishi mumkinligini bildirdi. Ta’kidlanishicha, ushbu taxminlar va bayonotlar Vaşington o‘zining orbitadagi harbiy salohiyatini oshirayotgani hamda «Oltin gumbaz» raketaga qarshi mudofaa tashabbusini ilgari surayotgan bir paytda yangramoqda.
AQŞ Mudofaa vazirligining Razvedka boshqarmasi — DIA tomonidan e’lon qilingan «Kosmosdagi xavfsizlik muammolari» deb nomlangan hisobotda Xitoy va Rossiyaning kosmik sohadagi harbiy imkoniyatlariga doir baholar keltirilgan. Hujjatda aytilishicha, Xitoy allaqachon Yerda joylashgan bir nechta lazer majmuasiga ega bo‘lib, ular go‘yo Yerga yaqin past orbitadagi sun’iy yo‘ldoshlar ishiga xalaqit berishi mumkin.
Amerika razvedkasi Pekin 2020-yillar oxirigacha yo‘naltirilgan energiya tizimlarini kosmosda ham joylashtirishi mumkinligini taxmin qilmoqda. Shuningdek, hujjatda Rossiyaning sun’iy yo‘ldoshlarga qarshi kinetik qurollari, jumladan, MiG-31 samolyotidan uchirilishi aytilayotgan «Burevestnik» tizimi va «Kosmos-2553» sun’iy yo‘ldoshi haqidagi bahsli da’volar takrorlangan.
Qizig‘i shundaki, bu kabi bayonotlar AQŞ rejimining o‘zi ham kosmosdagi harbiy imkoniyatlarini kengaytirayotgan va ochiqroq gapira boshlagan vaqtga to‘g‘ri kelmoqda. AQŞ harbiy-havo kuchlari vaziri Troy Mink mamlakat allaqachon orbitaga joylashtirilgan kosmik makonni nazorat qilish vositalariga ega ekanini ma’lum qilgan, biroq harbiylar ularning aniq imkoniyatlarini sir tutishda davom etmoqda.
Source: kun.uz