Nufuzli «Oltin to'p» mukofotining 70 yilligini nishonlash doirasida tashkilotchilar tomonidan o'tkazilgan ommaviy ovoz berish jarayoni yakunlandi. Unga ko'ra, futbol ishqibozlari 2008-yilda ushbu sovrinni qo'lga kiritgan portugaliyalik hujumchi Kriştianu Ronalduni tarixdagi eng buyuk «Oltin to'p» sohibi (B.O.A.T. — Ballon D’or Of All Time) deb topishdi.
Tashkilotchilarning rasmiy saytida tashkil etilgan mazkur so'rovnomada ishtirok etish uchun foydalanuvchilardan 1 yevro miqdorida ramziy to'lov talab qilingani va qatnashchilarga o'z sevimli nomzodiga cheklanmagan miqdorda ovoz berish imkoniyati berilgani ta'kidlanmoqda. Bu esa ovoz berish natijalarining shaffofligi va xolisligiga nisbatan ayrim ekspertlarda turlicha qarashlarni keltirib chiqargani ma'lum qilinmoqda.
Qizig'i shundaki, yakuniy kuchli o'ntalikdan joy olgan barcha o'rinlarni faqatgina ikki afsonaviy futbolchi — Kriştianu Ronaldu hamda argentinalik Lionel Messi o'zaro bo'lishib olishdi. Reytingning birinchi pog'onasini 2008-yilgi Ronaldu egallagan bo'lsa, ikkinchi o'rinni 2012-yilgi Messi band etdi. Shuningdek, kuchli o'ntalikka Ronalduning 2017, 2016, 2014 va 2013-yillardagi, hamda Messining 2023, 2015, 2011 va 2009-yillardagi g'alabalari kiritildi.
Nomzodlar qatoriga tarixda kamida ikki marta «Oltin to'p» bilan taqdirlangan boshqa taniqli afsonalar, jumladan, braziliyalik Ronaldo, Marko van Basten, Mişel Platini, Yohan Kroyff va Frans Bekkenbauer kabi faxriylar ham kiritilgan edi. Biroq, muxlislarning tanlovi faqat zamonaviy davr yulduzlariga qaratilib, boshqa daholarning natijalari pastroq pog'onalarda qolib ketdi, xususan, braziliyalik Ronaldo (2002) faqatgina 13-o'rinni egallashga muvaffaq bo'ldi.
Source: kun.uz