Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

The Wall Street Journal nashrining xabar berishicha, marhum Yevgeniy Prigojinning o‘g‘li Pavel Prigojin Markaziy Afrika Respublikasida (MAR) «Vagner» xususiy harbiy kompaniyasining qoldiqlarini o‘z nazoratida saqlab qolishga muvaffaq bo‘lgan. Ushbu maʼlumotlar xalqaro jurnalistik surishtiruvlarga tayanib keltirilmoqda, biroq ularning qanchalik haqqoniyligi to‘la tasdiqlanmagan.

Rossiya hukumati rasman ushbu tuzilmani o‘z nazoratiga olib, Mudofaa vazirligi qoshida «Afrika korpusi»ni tuzgan bo‘lsa-da, kichik Prigojin o‘tish davridagi bo‘shliqlardan foydalanib qolgani taxmin qilinmoqda. Xabarlarga ko‘ra, MAR prezidenti Fosten-Arkanj Tuader Kremlga murojaat qilib, vagnerchilarni olib ketmaslikni so‘ragan va ularni o‘z mamlakatining armiyasi hamda politsiyasiga integratsiya qilgan.

Nashr maʼlumotlariga ko‘ra, Pavel Prigojin nazorat qiluvchi tarmoqlar yiliga 400 million dollardan ortiq daromad keltirmoqda. Xususan, ular mamlakatdagi yirik oltin konlarini boshqarib, qimmatbaho metallarni chet elga, jumladan, Belarus orqali chiqarib yuborayotgani aytilmoqda.

Shuningdek, guruh mintaqada giyohvand moddalar va qurol-yarog‘ savdosi, xususan tramadol bozori hamda Sudan va Liviyadagi isyonchilarga qurol yetkazib berish bilan shug‘ullanayotgani iddao qilinmoqda. Pavel Peterburgda yashasa-da, Bangi shahriga muntazam borib turishi va mahalliy rahbariyat bilan aloqalarni davom ettirayotgani taʼkidlanadi.

Source: kun.uz