Kembrij universitetining taniqli tadqiqotchisi va mukofotga sazovor bo'lgan olima Marta Shabazi Ispaniyada yuz bergan dahshatli temir yo'l halokati qurboniga aylandi. U o'zining ilmiy yutuqlari uchun taqdirlanish marosimiga ketayotgan paytda ushbu fojea sodir bo'lgani ma'lum qilindi.
Ma'lumotlarga ko'ra, Madrid janubidagi Urda shahri yaqinida davlatga qarashli Renfe tezurar poyezdi Iryo kompaniyasining to'xtab turgan poyezdiga borib urilgan. Ushbu halokat Yevropaning zamonaviy tarixidagi eng og'ir temir yo'l fojialaridan biri bo'lib, mamlakatda uch kunlik milliy motam e'lon qilinishiga olib keldi.
Ikki farzandning onasi bo'lgan doktor Marta Shabazi Kembrijdagi Molekulyar biologiya laboratoriyasida (LMB) tadqiqot guruhiga rahbarlik qilgan va inson embrionlari hamda hujayra biologiyasi bo'yicha qilingan ishlari uchun bir nechta nufuzli mukofotlarga sazovor bo'lgan edi. U Ispaniya taraqqiyot biologiyasi jamiyatining mukofotini olish uchun Andalusiyaga yo'l olgandi.
LMB instituti marhum olimaning ilmiy faoliyatini yuqori baholab, uning vafotini "chuqur shok va ulkan yo'qotish" deb atadi. Shuningdek, Kembrij universiteti Stem Cell instituti direktori professor Berti Gottgens ham uning ilmiy merosi va hamjihatlik ruhini yodga olib, hamdardlik bildirdi.
Source: www.bbc.co.uk