Himolay tog'larida joylashgan Butan qirolligida iqtisodiy o'sishni rag'batlantirishga qaratilgan ulkan loyiha doirasida o'n minglab ko'ngillilar 108 ta buddist stupasini qurishda ishtirok etdilar. Rasmiylarning ta'kidlashicha, balandligi 15 metr bo'lgan ushbu muqaddas yodgorliklar Hindiston chegarasi yaqinidagi daryo bo'ylab o'rnatilgan bo'lib, bu yerda kelgusida Gelephu "ongli shahri" barpo etilishi rejalashtirilgan.
Loyihani amalga oshirish jarayonida 40 mingdan ortiq ko'ngilli yarim tundan boshlab ishga kirishgan. Buddistlar an'anasida 108 raqami muqaddas hisoblanib, marosimda mamlakat aholisining deyarli to'rtdan bir qismi — 200 mingga yaqin kishi qatnashgani aytilmoqda. Butan qiroli Jigme Khesar Namgyel Wangchuck o'z nutqida bunday ulkan ishning muvaffaqiyatli yakunlanganidan minnatdorligini bildirgan.
Biroq, qirollik rahbariyati iqtisodiyoti chuqur muammolarga duch kelayotganini tan olishga majbur. Ishsizlikning ortishi, tug'ilish darajasining pasayishi va malakali yoshlarning ommaviy ravishda chet elga ko'chib ketishi mamlakat kelajagiga soya solmoqda. Qirol tomonidan 2024-yilda maxsus farmon bilan asos solingan ushbu shahar orqali iqtisodiy markaz yaratish ko'zlangan bo'lsa-da, tahlilchilar bu rejaning qanchalik real ekanligiga shubha bilan qarashmoqda.
Yangi megapolisni barpo etish tashabbusi qancha maqtovlar bilan qarshi olinmasin, kuzatuvchilar investitsiya jalb qilishdagi jiddiy to'siqlarni qayd etmoqdalar. Shunga qaramay, hindistonlik milliarder Gautam Adani loyihaga qo'shilgan va kelgusida bu yerni Hindiston temir yo'l tarmog'iga ulash hamda 2029-yilda xalqaro aeroport ochish rejalashtirilgan. Shuningdek, loyiha gidroenergetika resurslari evaziga kriptovalyuta mayningi bilan ham bog'langani xavotirlarni keltirib chiqarmoqda.
Source: www.aljazeera.com