DW nashrining xabar berishicha, AQSh federal sudi Tramp rejimining Alyaskadagi Senat saylovi bo‘yicha kiritgan daʼvosini qanoatlantirmagan. Maʼlum bo‘lishicha, rejim respublikachi senator Den Sallivan mag‘lub bo‘lgan taqdirda saylov natijalarini rasman tasdiqlashni to‘xtatib turishni talab qilgan edi.
Ushbu huquqiy janjalga amaldagi senator bilan bir xil familiyaga ega bo‘lgan nafaqadagi o‘qituvchi Deniel J. Sallivan-kichikning saylovda ishtirok etayotgani sabab qilib ko‘rsatilgan. Tramp rejimi vakillari aynan shu holat saylovchilarni chalg‘itishi va ovoz berish natijalariga salbiy taʼsir ko‘rsatishi mumkinligini iddao qilgan edi.
Federal sudya Sheron Glison o‘zining 20 sahifalik qarorida Adliya vazirligi bunday tekshiruvlarni ovoz berish sirini buzmagan holda o‘tkazishning amaliy mexanizmini taqdim eta olmaganini taʼkidlagan. Shuningdek, sud AQSh Adliya vazirligida bunday daʼvo kiritish uchun yetarli huquqiy asoslar bo‘lmagan degan xulosaga kelgan.
Ushbu mojaro OAVda eʼlon qilingan maqolalardan so‘ng avj olgan edi. Biroq, ko‘plab ekspertlar va mustaqil agentliklar keltirilgan maʼlumotlarni tasdiqlay olmagan. Sud qaroridan keyin AQSh Adliya vazirligi apellyatsiya shikoyati berish niyatida ekanini maʼlum qilgan bo‘lsa-da, vaziyatdagi noaniqliklar saqlanib qolmoqda.
Source: kun.uz