Xitoyning AGIBOT kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilgan 110 ta odamsimon robot bir vaqtning o‘zida sinxron raqs ijro etib, Ginness rekordlar kitobiga kiritildi. Ommaviy namoyish joriy yilning 24-oktabr kuni Xitoyning Shandun provinsiyasidagi Szinan shahridagi «Xuanxe» xalqaro markazida bo‘lib o‘tdi va unda Expedition A3 rusumidagi apparatlar qatnashdi.
Tashkilotchilarning da'vo qilishicha, inson bo‘yi teng keladigan bu robotlar murakkab harakatlarni bajarib, to‘lqinsimon shakllar yasagan va hatto «2026» raqamini hosil qilgan. Biroq, mutaxassislarning fikricha, bunday ko‘rgazmali chiqishlar qat'iy nazorat ostidagi sun'iy sharoitda amalga oshirilgan bo‘lib, texnologiyaning real hayotdagi haqiqiy imkoniyatlarini to‘laqonli ko‘rsatib bermaydi.
Robotlarning o‘zaro harakatlarini muvofiqlashtirish uchun AGIBOT kompaniyasining maxsus LinkBots platformasidan foydalanilgani aytilmoqda. Kompaniya vakillarining ta'kidlashicha, tadbirkorlik doiralarida keng targ‘ib qilinayotgan bu qurilmalar maxsus tayyorgarliksiz seriyali modellar ekan, ammo ularning sanoat yoki kundalik hayotdagi murakkab vazifalarni qay darajada bajarishi noma'lumligicha qolmoqda.
Source: kun.uz