Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Ilon Mask asos solgan Neuralink kompaniyasi miya signallari yordamida telefonda gaplashish, iPhone’da matn terish va sunʼiy intellektga buyruq berish imkoniyatlarini o‘z ichiga olgan yangi texnologik yutuqlarni e'lon qildi. Sinov ishtirokchilaridan biri xayolan aytgan so‘zlarini sunʼiy ovozga aylantiruvchi texnologiya orqali rafiqasi bilan telefonda muvaffaqiyatli suhbatlashgani da'vo qilinmoqda.

Mazkur loyiha og‘ir nutq buzilishlari bo‘lgan shaxslarga muloqot qilishda ko‘maklashishga mo‘ljallangan bo‘lib, u turli funksiyalarni, jumladan, miya signallari orqali telefonda muloqot qilish hamda Grok sunʼiy intellekt agentini xayolan aytilgan buyruqlar bilan boshqarish imkoniyatlarini o‘z ichiga oladi. Ishlanmalar tajriba bosqichidagi «miya - kompyuter» interfeysiga (BCI) asoslanib, insonning gapirish niyati bilan bog‘liq neyron signallarini so‘zlarga aylantiradi.

Yangi funksiyalar VOICE klinik tadqiqotining ko‘ngilli ishtirokchisi yordamida ko‘rsatib o‘tildi. Namoyish etilgan usullardan biri shakllantirilgan nutqni iPhone’dagi telefon qo‘ng‘irog‘iga bevosita uzatishdan iborat bo‘lib, tizim sunʼiy ovozni telefon mikrofonining audio oqimiga yo‘naltiradi. Shuningdek, foydalanuvchilar ilgari tugma bosish orqali jarayonni boshqargan bo‘lsa, endilikda yangi tizim gapirish urinishlarini o‘zi aniqlab, jarayonni avtomatik ravishda boshlaydi yoki to‘xtatadi.

Source: kun.uz