Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Germaniya Federal Oliy sudi Gamburg yer sudining raisi tadbirkor Alisher Usmonovning Yevropa Ittifoqi Kengashiga qarshi da'vo materiallarini topshirishdan bosh tortganini noqonuniy deb topdi. Tadbirkorning manfaatlarini himoya qilayotgan advokat Yoaxim Shtaynxefelning so'zlariga ko'ra, ushbu qaror Yevropa Ittifoqi Kengashiga nisbatan tarixdagi ilk tuhmat bo'yicha da'voni ko'rib chiqish yo'lini ochib beradi.

Germaniyaning Die Welt nashri xabar qilishicha, endilikda shaxsiy sanksiyalarni asoslash va shaxsiy ma'lumotlarni e'lon qilish bilan bog'liq ish bo'yicha hujjatlar YI Kengashiga rasman topshirilishi mumkin. Mazkur cheklov choralari 2022 yilda kiritilgan bo'lib, Yevropa organi o'z qarorida AQShning Forbes jurnalidagi maqolaga tayangani, tadbirkor esa buni tuhmat deb atagani aytilmoqda. Gamburg sudi 2024 yil yanvarida nashrga bu ma'lumotlarni tarqatishni taqiqlagan edi.

21 oktyabr kuni chiqarilgan qarorda Oliy sud hujjatlarni topshirishdan bosh tortish da'vogarning huquqlarini buzishini ta'kidladi. Shuningdek, Germaniya TIV bilan kelishilgan Federal adliya idorasining tavsiyasi majburiy xususiyatga ega emasligi ko'rsatib o'tildi. Instansiya ham rad javobini, ham uni qo'llab-quvvatlagan Ganzeyskiy oliy yer sudining qarorini bekor qildi.

Huquqshunos Yoaxim Shtaynxefelning ta'kidlashicha, «adolatdan foydalanish huquqi asosiy huquq bo'lib, u joriy tashqi siyosiy kursga bo'ysunmaydi». Eslatib o'tamiz, avvalroq Yevropa Ittifoqi Kengashi Alisher Usmonovni sanksiyalar ro'yxatidan chiqarib yuborgan edi.

Source: podrobno.uz