Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Yevropa Chempionlar ligasining umumiy bosqich 4-turi doirasida Kataloniyaning «Barselona» klubi o‘z maydoni — «Kamp Nou»da Angliyaning «Aston Villa» jamoasiga qarshi maydonga tushadi. Mazkur uchrashuv har ikki tomon uchun ham jiddiy sinov vazifasini o‘taydi. Unai Emeri boshchiligidagi birmingemliklar musobaqaning dastlabki uch turida 100 foizlik natija ko‘rsatib, 12 ta gol urgan holda turnir jadvalining yuqori qismidan o‘rin olgan.

Hansi Flik boshchiligidagi «Barselona» La Ligada peshqadamlik qilayotganiga qaramay, qit’a miqyosidagi turnirda barqarorlik namoyish eta olmayapti. Kataloniyaliklar avvalgi turda «PSJ»ga 2:4 hisobida mag‘lub bo‘lib, sakkizinchi o‘ringa tushib ketgan edi. Bundan tashqari, klubning Yevropa Chempionlar ligasida ketma-ket 18 ta uchrashuvdan buyon o‘z darvozasi daxlsizligini saqlab qola olmayotgani mudofaa chizig‘idagi jiddiy muammolardan darak beradi. Erik Garsiya va Jyul Kunde kabi himoyachilarning jarohati sabab Flik majburiy rotatsiyalarga qo‘l urishga majbur bo‘lmoqda.

Birmingem klubi esa ichki chempionatdagi beqaror o‘yinlariga qaramay, xalqaro maydonda o‘ziga xos shijoat ko‘rsatmoqda. V Sports xoldingi egaligidagi klub so‘nggi yillarda qit’a miqyosida shov-shuvli natijalarga erishib kelmoqda. Biroq tahlilchilarning ta’kidlashicha, «Aston Villa»ning «Kamp Nou»dagi imkoniyatlari ancha past baholanmoqda. Xususan, Opta superkompyuterining hisob-kitoblariga ko‘ra, mezbonlarning g‘alaba qozonish ehtimoli 72 foizni tashkil qiladi, inglizlarning kutilmagan g‘alabasi esa bor-yo‘g‘i 12,7 foiz deb baholangan.

Murabbiylar qarama-qarshiligi ham alohida e’tiborga molik. Unai Emeri faoliyati davomida «Barselona»ga qarshi 30 ta uchrashuv o‘tkazib, atigi 3 ta g‘alabaga erishgan, bu esa uning professional faoliyatidagi eng yomon ko‘rsatkichlardan biri hisoblanadi. Shunday bo‘lsa-da, «Aston Villa» o‘zining hujumkor salohiyatiga tayanib, Kataloniya poytaxtida g‘alaba ilinjida maydonga tushishini ma’lum qilgan.

Source: www.aljazeera.com