Massachusets shtatida o‘zining uch nafar yosh farzandini bo‘g‘ib o‘ldirganlikda ayblanayotgan amerikalik Linsey Klensi ishi bo‘yicha navbatdagi sud majlisi bo‘lib o‘tdi. Himoya tomoni suddan birinchi darajali qotillik ayblovlarini batamom olib tashlashni talab qilmoqda va ishni qayta ko‘rib chiqish uning konstitutsiyaviy huquqlarini buzishini da'vo qilmoqda. Prokurorlar esa agar ish davom etsa, uni yana sudga berish niyatida ekanliklarini bildirishdi, biroq aynan qanday moddalar qo‘llanilishi hozircha noma'lumligicha qolmoqda.
Ma'lum qilinishicha, sentabr oyida hakamlar hay'ati bir qarorga kela olmagach, ushbu sud jarayoni boshi berk ko‘chaga kirib qolgan edi. Himoya vakillarining fikricha, o‘sha paytda hakamlardan biri qoidalarga amal qilmagani va ish materiallarini mustaqil ravishda o‘rganib chiqqani sababli sudya Vilyam Sallivan jarayonga yanada chuqurroq aralashishi kerak edi. Advokatlar hakamlar hay'ati a'zolaridan biri sudda yolg‘on gapirgan bo‘lishi mumkinligini taxmin qilishmoqda.
O‘z navbatida, ayblov tomoni sudyaning harakatlari to‘g‘ri bo‘lganini va hakamlar hay'ati a'zosi dalillarni o‘zgacha baholagani uchun o‘z fikrida qat'iy turganini ta'kidladi. Prokuror Jennifer Spreygning so‘zlariga ko‘ra, mazkur hakam muzokaralardan bosh tortmagan, balki shunchaki umumiy qarorga kelishni istamagan, bu esa qayta sud o‘tkazish uchun yetarli asos bo‘lolmaydi.
Eslatib o‘tamiz, Klensi 2023-yilda Bostonda o‘z uyida farzandlarini jismoniy mashqlar lentalari yordamida bo‘g‘ib o‘ldirgani aytiladi. Shundan so‘ng u o‘z joniga qasd qilishga urinib, ikkinchi qavatdan sakrab tushishi oqibatida falaj bo‘lib qolgan edi. Himoya uning og‘ir tug‘ruqdan keyingi psixoz holatida bo‘lganini va o‘z harakatlarini boshqara olmaganini ta'kidlayotgan bo‘lsa-da, AQSh regimi prokurorlari uning hamma narsani anglaganini da'vo qilishmoqda.
Sudya Vilyam Sallivan darhol qaror qabul qilmadi va navbatdagi sud majlisini 16-noyabrga belgiladi. Shuningdek, ish bo‘yicha yangi sud jarayoni kelgusi yilning mart oyida boshlanishi mumkinligi taxmin qilinmoqda, tomonlar esa ommaviy axborot vositalari bilan muloqot qilishga taqiq qo‘yish masalasini ham muhokama qilishmoqda.
Source: www.aljazeera.com