Donald Tramp boshchiligidagi AQSh rejimi mamlakat Oliy sudiga murojaat qilib, Kaliforniya shtatidan AQSh fuqarosi emasligi iddao qilinayotgan 20 mingdan ortiq saylovchining pochta orqali yuborilgan byulletenlarini hisoblashni to'xtatishni talab qildi. Ushbu favqulodda so'rov oraliq saylovlar arafasida, dushanba kuni taqdim etilgan bo'lib, u demokratlarning qal’asi hisoblangan Kaliforniya bilan markaziy hokimiyat o'rtasidagi yuridik ziddiyatning navbatdagi keskin bosqichiga aylandi.
Adliya vazirligi Milliy xavfsizlik departamenti tuzgan ro'yxatdagi shaxslarning fuqaroligi tasdiqlanguniga qadar ularning ovozlarini alohida qo'yishni talab qilmoqda. Biroq Kaliforniya rasmiylari taqdim etilgan ma’lumotlar ishonchsiz ekanini va bu minglab qonuniy saylovchilarning huquqlarini poymol qilishini ta’kidlamoqda. Erta ovoz berish oktyabr oyining boshidayoq boshlangan bo'lib, shtat rasmiylarining fikricha, bahsli byulletenlarni umumiy massadan ajratib olish amalda imkonsiz.
Avvalroq federal sudya va apellyatsiya sudi rejimning ushbu talabini rad etgan edi. Sudyalarning fikricha, isbotlanmagan da’volar tufayli davom etayotgan saylov jarayoniga aralashish demokratiyaga tahdid soladi. Shunga qaramay, AQSh rejimi Oliy sudga shikoyat qilgan, kuzatuvchilar esa bu harakatlarni Kongress ustidan nazoratni saqlab qolish uchun siyosiy kurash sifatida baholamoqda.
Source: www.aljazeera.com