Eron hukumati Vashington bilan ilgari surilgan o't ochishni to'xtatish rejasini yanada tezroq amalga oshirishga harakat qilayotganini ma'lum qildi. Mintaqada AQSh va Isroilning bu mamlakatga qarshi harakatlari fonida ehtimoliy yangi to'qnashuvlar xavfi saqlanib qolayotgan bir paytda, Tehron rasmiylari dushanba kuni o'tgan oy taklif etilgan yetti bosqichli reja o'z kuchida qolishini, biroq endilikda uni qisqa muddatda bajarish mumkinligini bildirdi. Ushbu tashabbus Hormuz bo'g'ozini tezkorlik bilan ochish va Eronning yadro dasturi bo'yicha muzokaralarni qayta boshlashni o'z ichiga oladi.
Ushbu bayonot Eron rasmiylari sakkiz oydan buyon davom etayotgan mojarradan diplomatik yo'l bilan chiqish yo'llarini izlash maqsadida Qatarning vositachilari bilan muzokaralarni davom ettirayotgan bir paytda yangradi. Shuningdek, AQSh rejimi rahbari Donald Trump so'nggi muzokaralar "yaxshi ketayotganini" iddao qilgan bo'lsa-da, noyabr oyidagi oraliq saylovlardan keyin Eronni o'qqa tutishi mumkinligiga bir necha bor ishora qildi. Uning bunday tahdidli bayonotlari Vashingtonning asl niyatlari va kelishuvga qanchalik sodiqligi borasida jiddiy shubhalarni keltirib chiqarmoqda.
Eron Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Ismoil Baghaiyning so'zlariga ko'ra, ilgari surilgan taklif endi "qisqartirilgan va yetti kun o'rniga ikki kun ichida amalga oshirilishi mumkin". Baghaiyning ta'kidlashicha, agar Eronning talablari bajarilsa, Hormuz bo'g'ozida xavfsizlik tiklanishi va muzokaralar jarayoni qisqa muddatda boshlanishi ehtimoli mavjud. Biroq, bu jarayonning kelajagi butunlay Amerikaning qanday yo'l tutishiga bog'liqligicha qolmoqda.
Shuningdek, IRNA davlat axborot agentligining tarqatgan ma'lumotlariga ko'ra, Eron Oliy rahbari Mojtaba Xomaniy hukumatga AQSh bilan mintaqaviy urushni tugatish bo'yicha muzokaralarni tezlashtirish uchun qo'shimcha vakolatlar bergan. Tashqi ishlar vaziri Abbos Araqchi esa Tehron diplomatiya hamda harbiy qarama-qarshilikka birdek tayyor ekanini yana bir bor ta'kidlab o'tdi. Ayni paytda Qatar va Pokiston vositachiligida bilvosita muzokaralar davom etmoqda.
Source: www.aljazeera.com