Osiyo futbol konfederatsiyasi (OFK) Saudiya Arabistonida o'tkazilishi rejalashtirilgan 2027-yilgi Osiyo kubogi muddatlari o'zgartirilgani haqida rasman e'lon qildi. Ushbu qaror mintaqadagi murakkab vaziyat va xavfsizlik masalalari tufayli qabul qilingani taxmin qilinmoqda.
Unga ko'ra, qit'a chempionati 2027-yil boshida emas, balki 2027-yil 23-dekabrda boshlanib, final bahsi 2028-yilning 21-yanvariga belgilandi. Avvalroq musobaqa 2027-yil 7-yanvardan 5-fevralgacha o'tkazilishi ko'zda tutilgan edi, biroq taqvim qariyb bir yilga kechiktirildi.
OFK, tashkiliy qo'mita va Saudiya Arabistoni futbol federatsiyasi ishtirokidagi muhokamalardan so'ng qabul qilingan bu qaror Yaqin Sharqdagi keskin harbiy-siyosiy vaziyat bilan izohlanmoqda. Xususan, so'nggi oylarda Yamandagi husiylar Saudiya Arabistoni hududiga raketa va dronlar bilan zarbalar berib kelayotgani jiddiy xavotirlarni keltirib chiqargan edi.
Shuningdek, tashkilotchilar mintaqadagi favqulodda vaziyatlar, jiddiy logistik murakkabliklar hamda transport qatnovlaridagi uzilishlarni taqvim o'zgarishining asosiy omillari sifatida ko'rsatgan. Avvalroq OFK rahbariyati vaziyat yanada yomonlashsa, musobaqa butunlay 2028-yilga qoldirilishi mumkinligini ham istisno etmagandi.
Eslatib o'tamiz, Osiyo kubogiga yo'llanma olgan 24 ta milliy jamoa qatorida O'zbekiston terma jamoasi ham bor. Yangi taqvimga muvofiq, guruh bosqichi o'yinlari endi 2027-yil oxiri va 2028-yil boshiga to'g'ri kelmoqda.
Source: kun.uz