Islomobodning G-10 mavzesida kichik sut do'konini boshqarib keluvchi Rana Muhammad Ijaz oilasi bilan o'nlab yillar davomida og'ir mehnat qilib yashab kelmoqda. Uning kenja qizi, 24 yoshli fizik olimasi Laiba Ijaz Xalqaro Islom universitetini oltin medal bilan tamomlagan bo'lib, AQShning nufuzli Garvard universitetida o'qishni orzu qilgan edi. Biroq, bu yorqin orzu fribgarlik qurboniga aylandi va oila millionlab rupiylaridan ayrildi, deya xabar beradi mahalliy va xalqaro manbalar.
Qizining ta'lim olishiga ishonch bildirgan ota o'zining yer uchastkasi va oilaviy taqinchoqlarini sotishga majbur bo'lgan, chunki firibgar Muhammad Noman universitet to'lovlari hamda bank kafolati uchun millionlab mablag' talab qilgan. Noman o'zini guvohnoma ko'rsatgan holda go'yoki Oliy sud xodimi sifatida tanishtirgan va soxta hujjatlar, jumladan, Garvardning qabul xatlari hamda Boston uchun aviabiletlarni taqdim etgan. Biroq, hujjatlar qalbakiligi ma'lum bo'lgach, oila og'ir ruhiy tushkunlikka tushib qolgan.
Oktyabr oyida Laiba o'z uy yaqinida jonsiz holda topilgan bo'lib, politsiya dastlabki xulosalarga ko'ra uning o'z joniga qasd qilganini taxmin qilmoqda. Shubhali holatlarda hibsga olingan gumonlanuvchi Noman esa tez orada politsiya nazorati ostida bo'lgan paytda noma'lum shaxslar tomonidan otib o'ldirilgani da'vo qilinmoqda. Ichki ishlar vazirligi tomonidan oilaga qisman pul mablag'lari qaytarib berilgan bo'lsa-da, yaqinlari adolat to'liq qaror topmagani va fojianing asl sabablari hali ham oxirigacha o'rganilmaganini ta'kidlashmoqda.
Mazkur voqea Pokistonda chet elda o'qish istagidagi yoshlarning naqadar himoyasiz ekanini va ta'lim konsalting xizmatlari davlat tomonidan tartibga solinmaganini yaqqol ko'rsatdi. Ekspertlarning fikricha, mamlakatda litsenziyasiz ishlaydigan agentliklar va firibgarlar uchun qulay sharoitlar saqlanib qolmoqda, bu esa minglab talabalar va ularning oilalarini jiddiy xavf ostiga qo'ymoqda.
Source: www.aljazeera.com