Livanda energetika va suv xo‘jaligi vazirligi qarzdor bo‘lgan qariyb 100 ta davlat muassasasiga elektr energiyasi ta'minotini to‘xtatishga kirishdi. Ushbu keskin chora mamlakat Energetika vaziri Jo Saddi va hukumat o‘rtasidagi chuqurlashib borayotgan ziddiyat fonida amalga oshirilmoqda, deya xabar beradi mahalliy ommaviy axborot vositalari.
Vazir Saddi elektr energiyasi ta'minotini oshirish, yoqilg‘i xarajatlari yuki kamaytirish va davlat kompaniyasining to‘lanmagan qarzlarini bartaraf etish bo‘yicha o‘z talablari e'tiborsiz qoldirilayotganini vaj qilib, hukumat yig‘ilishlarini boykot qilishni boshlagan edi. Livanlik mutaxassislarning fikricha, mamlakat energetika sektoridagi chuqur korrupsiya va tarkibiy muammolar qisqa fursatda ijobiy o‘zgarishlarga umid qoldirmayapti.
2019 yildagi moliyaviy-iqtisodiy inqirozdan so‘ng mamlakatda elektr ta'minoti keskin yomonlashgan bo‘lib, poytaxt Bayrutda ham tok berish kuniga atigi ikki-to‘rt soatni tashkil etmoqda. Aholi davlat tarmoqlariga qaram bo‘lib qolmaslik uchun qimmatbaho dizel yoqilg‘isida ishlaydigan xususiy generatorlarga tayanmoqda, bu esa inflyatsiya va energiya narxlarining keskin oshishiga olib kelmoqda.
Tahlilchilarning ta'kidlashicha, chuqur siyosiy beqarorlik va korrupsiya girdobiga botgan mamlakatga xorijiy investorlarni jalb qilish deyarli imkonsiz. Qatarning elektr stansiyalarini qurish va suyultirilgan gaz yetkazib berish bo‘yicha takliflari muayyan umid uyg‘otganiga qaramay, butun boshli tarmoqni tubdan isloh qilmasdan turib inqirozdan chiqish dargumon ekanligi ta'kidlanmoqda.
Source: www.aljazeera.com