Donald Tramp boshchiligidagi Amerika rejimi Alyaska shtatidagi AQSh Senati uchun kurash yuzasidan olib borilayotgan tergov harakatlarini yanada jadallashtirgani ma'lum bo'ldi. Rasmiylarning iddaosiga ko'ra, Demokratik partiya respublikachi nomzodning mag'lubiyatini ta'minlash maqsadida saylovchilarni chalg'itish uchun ataylab soxta nomzodni oldinga surgan bo'lishi mumkin.
Seshanba kuni federal prokurorlar bir qator shaxslarga, jumladan Demokratik partiya manfaatlarini himoya qilib kelgan taniqli huquqshunos Mark Eliasga “nishon” xatlarini yo'lladi. Ushbu xabarnomalarda ularning ehtimoliy jinoyatga aloqadorligini tasdiqlovchi yetarli dalillar to'plangani va kelgusida ular ayblanuvchi sifatida javobgarlikka tutilishi mumkinligi haqida ogohlantirilgan.
O'z navbatida, huquqshunos Mark Elias seshanba kuni e'lon qilgan bayonotida AQSh rejimining Adliya vazirligi uni va uning yuridik firmasini aynan saylov kuni nishonga olgani uning fikricha kutilmagan holat emasligini ta'kidladi. U bu harakatlarni bosim o'tkazish urinishi deb atab, qo'rqitishlarga taslim bo'lmasliklarini bildirdi.
Mazkur keskin siyosiy kurashda amaldagi respublikachi senator Den Sallivan sobiq demokrat kongressmen Meri Peltolaga qarshi bahs olib bormoqda. Ushbu o'rin Senatda qaysi partiya ustunlik qilishini hal qiluvchi ahamiyatga ega bo'lishi mumkinligi aytilmoqda.
Shuningdek, saylovda ishtirok etayotgan nomzodlardan yana birining ismi ham Den Sallivan ekani mojaroni yanada kuchaytirdi. AQSh rejimi amaldorlari demokratlar saylovchilarni adashtirish uchun ataylab ikkinchi bir Sallivanni qo'yganini iddao qilmoqda, biroq demokratlar bu ayblovlarni qat'iyan rad etib, byulletenlarda barchasi ochiq ko'rsatilganini ta'kidlashmoqda.
Ma'lumotlarga ko'ra, Adliya vazirligi tergov doirasida allaqachon yuzdan ortiq chaqiruv qog'ozlarini yuborgan va keng ko'lamli tekshiruvlarni davom ettirmoqda.
Source: www.aljazeera.com