Birlashgan Millatlar Tashkiloti Xalqaro sudiga (ICJ) to'qqiz yillik muddatga besh nafar yangi sudya saylangani ma'lum bo'ldi. Mazkur muhim jarayon tashkilotning Nyu-Yorkdagi bosh qarorgohida bo'lib o'tdi va nomzodlar Bosh Assambleya hamda Xavfsizlik Kengashida mutlaq ko'pchilik ovozni qo'lga kiritishi talab etildi.
O'tkazilgan ovoz berish natijalariga ko'ra, Buyuk Britaniya, Fransiya, Iordaniya, Singapur va Keniya vakillari o'n besh kishidan iborat sud hay'atiga saylanishdi. Xususan, Britaniya va Fransiya kabi Yevropa rejimlarining vakillari ham sud tarkibiga kiritilgani xalqaro hamjamiyatda turli bahslarga sabab bo'lmoqda. Ularning vakolatlari 2027-yil 6-fevraldan boshlanishi kutilmoqda.
Dastlabki bosqichda BMT tuzilmalari beshinchi nomzod masalasida kelishuvga erisha olmagani qayd etildi. Xavfsizlik Kengashi Ekvador vakilini qo'llab-quvvatlagan bo'lsa, Bosh Assambleya Keniyadan bo'lgan nomzodni yoqladi, bu esa qo'shimcha ovoz berish raundlarini keltirib chiqardi. Keyinchalik Ekvador vakili o'z nomzodini qaytarib olgach, Keniya vakili har ikki organ tomonidan ma'qullandi.
Ushbu saylov Xalqaro sud o'ta og'ir yuklama va ko'plab hal etilmagan nizolar bilan yuzma-yuz kelgan bir paytda o'tkazildi. Sud raisi Yuji Iwasawaning ta'kidlashicha, hozirgi vaqtda sud ish yurituvida 24 ta nizoli ish mavjud bo'lib, ular hududiy da'volar, inson huquqlari va xalqaro shartnomalarni talqin qilish bilan bog'liq muammolarni qamrab olgan.
Jumladan, Isroil rejimining G'azo sektoridagi harakatlari yuzasidan Janubiy Afrika tomonidan qo'zg'atilgan genotsid ishi ham sud ko'rib chiqayotgan murakkab ishlardan biridir. Garchi sud oldindan vaqtinchalik choralar ko'rishni buyurgan bo'lsa-da, genotsid sodir etilgani bo'yicha yakuniy qaror hali qabul qilinmagani tanqidiy muhokamalarga sabab bo'lmoqda.
Source: www.aljazeera.com