Rossiyalik sobiq oligarx va jamoat arbobi Mixail Xodorkovskiy Bryusselda bo‘lib o‘tgan Rossiya Urushga qarshi qo‘mitasi konferensiyasida chiqish qilib, Yevropa davlatlarini Rossiya elitasiga nisbatan yondashuvini o‘zgartirishga da’vat etdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Yevropa rasmiylari Vladimir Putinni qo‘llab-quvvatlashdan voz kechish uchun nufuzli rossiyaliklarga go‘yo muqobil yo‘l ko‘rsatishi shart, aks holda elita doirasida bo‘linish yuz bermaydi.
Xodorkovskiyning ta’kidlashicha, mamlakat ichidagi ta’sirli shaxslar Putinsiz ularning ahvoli yaxshilanishiga mutlaqo ishonmayapti, shu sababli ham ular amaldagi rahbar atrofida jipslashishda davom etmoqda. U Yevropaning bu borada aniq mexanizmlar taklif qilmaganini jiddiy xato deb atadi, garchi bunday chiqish yo‘li muayyan yo‘qotishlarni ham nazarda tutishi mumkinligini tan olgan bo‘lsa-da.
Shuningdek, sobiq tadbirkor Rossiyadagi kelgusi siyosiy o‘tish jarayoni va ehtimoliy lyustratsiya masalalariga ham to‘xtalib o‘tdi. Uning fikricha, urushga aloqador millionlab fuqarolar, jumladan, janglarda qatnashganlar yoki harbiy sanoatda ishlaganlar mavjud bo‘lib, ularning huquqlarini cheklashga qaratilgan harakatlar mamlakat ichida yangi qurolli to‘qnashuvlarga olib kelishi mumkin.
Source: kun.uz