Kanada bosh vaziri Mark Karni mamlakat Alberta provinsiyasida bo‘lib o‘tadigan hokkey bo‘yicha yoshlar o‘rtasidagi Jahon chempionatida Rossiya terma jamoasining ishtirok etishiga qat’iy ruxsat berilmasligini ma’lum qildi. Uning ta’kidlashicha, davom etayotgan geosiyosiy tangliklar fonida Rossiya va Belarus sportchilarining Kanadadagi xalqaro musobaqalarga kirishi yopiqligicha qoladi.
Kanadaliklarning bu kabi qat'iy qarorlari xalqaro sport jamoatchiligida turli bahs-munozaralarga sabab bo‘lmoqda. Xususan, Rossiyaning Kanadadagi elchisi Oleg Stepanov mazkur bayonotni keskin tanqid ostiga olib, Shimoliy Amerika davlati siyosatni yoshlar sportiga ham aralashtirayotganini va musobaqa boshlanmasdanoq kuchli raqobatdan qochishga urinayotganini iddao qildi.
Ta'kidlash joizki, xalqaro sport maydonlarida Rossiya vakillarining ishtiroki masalasi anchadan beri jiddiy ziddiyatlarga sabab bo‘lib kelmoqda. Garchi Sport arbitraj sudi Xalqaro hokkey federatsiyasiga ma'lum majburiyatlarni yuklagan bo'lsa-da, ko'plab Yevropa mamlakatlari rossiyalik sportchilarning qatnashishiga qarshi chiqib, musobaqalarni boykot qilish yoki muzga chiqishdan bosh tortish ehtimolini o'rtaga tashlamoqda.
Source: www.gazeta.uz