Turkiyadagi hukmron “Adolat va taraqqiyot” partiyasi raisi o'rinbosari Kürşad Zorlu Rossiyani Turkiy Davlatlar Tashkilotiga (TDT) kuzatuvchi maqomida qabul qilish tashkilotning ichki qoidalariga mutlaqo zid ekanini ma'lum qildi. Uning so'zlariga ko'ra, 2021-yilgi Istanbul sammitida belgilangan tartiblarga ko'ra, har qanday davlat bu maqomni olishi uchun turkiy tillardan birini butun mamlakat miqyosida davlat tili yoki rasmiy til sifatida tan olgan bo'lishi shart. Rossiyada esa tatar, boshqird va boshqa turkiy tillar faqat ayrim respublikalarda ma'lum darajada rasmiy maqomga ega bo'lsa-da, federal miqyosda bunday maqom mavjud emas.
Ushbu masala bo'yicha izoh berar ekan, Kürşad Zorlu bu mavzuni “juda nozik va muhim” deb atadi. Ma'lumki, avvalroq Qozog'iston rahbari Qosim-Jomart Toqayev Anqara sammitida Rossiyaga kuzatuvchi maqomini berish yoki maxsus TDT+ formatiga qo'shish tashabbusini ilgari surgan edi. Shunga qaramay, turkiyalik siyosatchining ta'kidlashicha, Rossiya uchun aynan TDT+ formati muqobil yechim bo'lishi mumkin, garchi bu borada tashkilotning barcha a'zolarining roziligi va umumiy strategik manfaatlari inobatga olinishi talab etilsa-da.
Shu bilan birga, rasmiy Moskva go'yoki bu tashkilotdagi ishtirokini “tushunarli va maqsadga muvofiq” deb atab, hozircha hech qanday rasmiy taklif olmaganini iddao qilmoqda. Biroq turkiyalik mulozim Rossiya tarkibidagi turkiy xalqlar respublikalarining TÜRKSOY tashkilotidagi faoliyati 2015-yildan beri muzlatib qo'yilganini eslatib o'tdi. U Rossiya hukumatining mazkur yo'nalishdagi siyosati madaniy aloqalarga putur yetkazganini va bu masalani qayta ko'rib chiqish kerakligini qo'shimcha qildi.
Source: kun.uz