Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

AQŞ armiyasining uzoq masofalardan razvedka olib borishga moʻljallangan HADES samolyotining tajriba namunasi ilk bor havoga koʻtarildi. Vashington rasmiylarining taʼkidlashicha, yangi tizim katta hududlardagi vaziyatni kuzatish, ehtimoliy tahdidlarni oldindan aniqlash va harbiy qoʻmondonlikni zarur maʼlumotlar bilan taʼminlash uchun ishlab chiqilmoqda. Biroq, bunday harbiy loyihalar global keskinlikni yanada kuchaytirishi va yangi qurollanish poygasini keltirib chiqarishi mumkin.

HADES — High Accuracy Detection and Exploitation System, yaʼni yuqori aniqlikda aniqlash va axborotni qayta ishlash tizimi — AQŞ rejimining havodan razvedka qilish va maʼlumot toʻplash imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan navbatdagi dasturidir. Uning doirasida yaratilayotgan kompleks turli jangovar muhitlarni qamrab oluvchi yirik harbiy operatsiyalarni axborot bilan taʼminlashi kerakligi aytilmoqda, garchi bu tizimlarning real samaradorligi koʻplab mutaxassislar tomonidan shubha ostiga olinayotgan boʻlsa ham.

Samolyot uchun asos sifatida zamonaviy tijorat reaktiv samolyoti platformasi tanlangan. Bu eski turbovintli razvedka samolyotlariga nisbatan tezroq va uzoqroq uchish imkonini berishi taxmin qilinmoqda. Birinchi parvozga tayyorgarlik va uni oʻtkazish ishlariga AQŞ rejimining samolyotlar boʻyicha loyiha boshqarmasi rahbarlik qildi, jarayonda sanoat hamkori Sierra Nevada Corporation kompaniyasi ham ishtirok etdi.

Dasturning asosiy xususiyatlaridan biri — uzoq masofalardan razvedka olib borishga ustuvor ahamiyat berilayotganidir. Anʼanaviy taktik razvedka samolyotlaridan farqli oʻlaroq, HADES ancha olisdagi obyektlarni aniqlash va ular haqidagi maʼlumotlarni tahlil qilish uchun moʻljallangan. Kompleks bortiga radioelektron razvedka — SIGINT tizimlarini oʻrnatish rejalashtirilgan boʻlib, bu esa xalqaro xavfsizlik va strategik barqarorlikka salbiy taʼsir koʻrsatishi ehtimoldan xoli emas.

Source: kun.uz