Turkiya Radio va televidenie oliy kengashi (RTÜK) 800 dan ortiq telekanal hamda internet-platformalarni tunu kun kuzatib boruvchi Via+ nomli yangi sun'iy intellektga asoslangan media-monitoring tizimini joriy etishga hozirlik ko'rmoqda. Mazkur platforma efir jarayonlarini avtomatik ravishda tahlil qilib, ehtimoliy qonunbuzarliklarni aniqlashi va regulyator xodimlari uchun maxsus hisobotlarni tayyorlashi kutilmoqda.
Asosiy faktlar: Turkiya rasmiylari 800 dan ortiq telekanalni qamrab oluvchi va kuniga 19,2 ming soatlik audioyozuvni tahlil qilish quvvatiga ega Via+ tizimini ishga tushirmoqda. Loyiha doirasida sun'iy intellekt 12 tilda tarjima qilish va 300 milliondan ziyod videokadrni qayta ishlash imkoniyatiga ega ekanligi aytilmoqda.
RTÜK raisi Mehmet Donishning Anadolu agentligiga bergan intervyusida ta'kidlashicha, mazkur ishlanma mamlakatning havo hujumidan mudofaa sohasidagi loyihasiga qiyoslanib, media makonini himoya qiluvchi o'ziga xos «po'lat gumbaz» vazifasini bajaradi. Uning so'zlariga ko'ra, tizim oltita sun'iy yo'ldoshdan signallarni qabul qilib, yuzaga kelishi mumkin bo'lgan qoidabuzarliklarni mustaqil aniqlash quvvatiga ega.
Texnik tavsiflarga ko'ra, dastur nutqni vaqt ko'rsatkichlari bilan matnga aylantirish, xorijiy ko'rsatuvlarni turk tiliga o'girish, shuningdek, belgilangan trigger-so'zlarni aniqlash funksiyalarini o'z ichiga oladi. Biroq, regulyator sun'iy intellekt o'zicha jazo tayinlamasligini, yakuniy qaror faqat idora xodimlari tomonidan qabul qilinishini alohida ta'kidlamoqda.
Kelgusida ushbu tizimning imkoniyatlarini yanada kengaytirish hamda internet-platformalarga nisbatan nazorat mexanizmlarini kuchaytiruvchi qonun loyihalarini qabul qilish rejalashtirilmoqda. Mutaxassislar ushbu tashabbus axborot makonini nazorat qilish va cheklash choralarining bir qismi bo'lishi mumkinligidan xavotir bildirmoqda.
Source: kun.uz