WhatsApp kompaniyasi rossiya hokimiyati mamlakatda uning ishini "to‘liq bloklashga" uringanini va buning orqali "odamlarni davlat nazoratisiz, kuzatuvdan himoyalanmagan ilovaga o‘tkazishga" intilganini ma’lum qildi. Bayonot 11-fevral kuni Rossiyada bloklangan X ijtimoiy tarmog‘ida ingliz va rus tillarida e’lon qilindi.

Foto: Shutterstock/FOTODOM

"Bugun rossiya hokimiyati WhatsAppni to‘liq bloklashga urinib, odamlarni davlat nazoratisiz, kuzatuvdan himoyalanmagan ilovaga o‘tkazishga harakat qildi. 100 milliondan ortiq foydalanuvchini xususiy va xavfsiz aloqadan mahrum qilish istagi – bu orqaga qaytish bo‘lib, bu faqat Rossiyadagi odamlarning xavfsizligini pasaytirishga olib kelishi mumkin", – deyiladi kompaniya bayonotida.

WhatsApp foydalanuvchilar aloqada qolishi uchun "hammasini qilishda davom etayotganini" ta’kidladi.

Kreml, o‘z navbatida, WhatsAppga egalik qiluvchi Meta korporatsiyasi "rossiya hokimiyati bilan muloqotga kirishsa" va rossiya qonunlariga rioya qilishga tayyor bo‘lsa, "kelishish imkoniyati" paydo bo‘lishini ma’lum qildi. Prezident matbuot kotibi Dmitriy Peskov Meta kompaniyasining murosasiz pozitsiyasi bilan "xizmatning to‘liq ishlashini tiklash imkoniyati yo‘qligini" ta’kidladi.

Ilgari Cnews portal WhatsApp domeni Roskomnadzor DNS-serverlaridan yo‘qolganini, bu esa Rossiya hududida xizmatdan foydalanishni imkonsiz qilishini xabar qilgan. Xuddi shu tarzda hokimiyat ilgari YouTubega kirishni cheklagan.

Mutaxassislar vaqtinchalik texnik nosozliklarning sababi Roskomnadzor uskunalarining bir vaqtning o‘zida bir nechta yirik xizmatlarni, jumladan YouTube, Telegram va WhatsAppni bloklashi tufayli haddan tashqari yuklanishi bo‘lishi mumkinligini taxmin qilishdi. Rossiyada o‘tgan yildan beri milliy messenjer Max faoliyat yuritmoqda, u smartfonlarga majburiy o‘rnatiladi.

Kreml ilgari WhatsApp ishini tiklash imkoniyati faqat Meta korporatsiyasining rossiya hokimiyati bilan hamkorlik qilishi sharti bilan mumkinligini ma’lum qilgan edi.

Source: kun.uz