Qirg'iziston Prezidenti Sadyr Japarov bir vaqtning o'zida uchta vazirlik rahbarlarini ishdan bo'shatdi. Bu haqda davlat rahbarining matbuot xizmati jurnalistlarga ma'lum qildi.

Foto: AKIpress

Imzolangan farmonga ko'ra, Favqulodda vaziyatlar vaziri lavozimidan Boobek Ajikeev ozod qilindi.

Shunga o'xshash farmonlar bilan Tabiiy resurslar, ekologiya va texnik nazorat vaziri Meder Mashiev, shuningdek Transport va aloqa vaziri Absattar Syrgabaev ham ishdan bo'shatildi. Kadr qarorlarining sabablari rasman ochiqlanmadi.

Shu bilan birga, Japarov mamlakatda davlat to'ntarishiga sabab bo'ladigan omillar yo'qligini va amaldagi qonunchilik buning sodir bo'lishiga imkon bermasligini aytdi. Prezidentning so'zlariga ko'ra, vaziyat uning nazorati ostida va "noto'g'ri narsalar" paydo bo'lsa, ularni bartaraf etish uchun tezkor buyruqlar beriladi.

Source: kun.uz