Bugungi yig'ilishda Shavkat Mirziyoyev avtomobillar yillik ishlab chiqarish hajmini 510 ming donagacha oshirishni va talabni rag'batlantirish uchun avtokredit stavkalarini pasaytirish hamda ularning hajmini kengaytirish choralarini ko'rib chiqishni buyurdi.
Foto: Prezident matbuot xizmati
Bugungi yig'ilishda Shavkat Mirziyoyev mamlakatda yillik quvvati 650 ming avtomobilgacha bo'lgan to'rtta yirik avtomobil korxonasi faoliyat ko'rsatayotganini aytdi. Joriy yilda 300 dan ortiq mahalliy korxonalar bilan hamkorlikda yana 763 turdagi ehtiyot qismlarni ishlab chiqarishni o'zlashtirish kerak.
Avtomobillar ishlab chiqarish hajmini 510 ming donagacha yetkazish vazifasi qo'yildi. Mahalliy mashinalarga talabni rag'batlantirish uchun avtokredit stavkalarini pasaytirish va ularning hajmini oshirish bo'yicha choralarni ko'rib chiqish buyurildi.
Shuningdek, dehqon va fermerlarning bog' traktorlari, ko'chat ekish, hosil yig'ish va kartoshka qazish uchun texnikaga bo'lgan ehtiyoji o'sishi qayd etildi. Chirchiq klasteri to'liq yuklangan holda va qulay narxlarda qishloq xo'jalik texnikasi ishlab chiqarilganda, shuningdek, qulay lizing vositalari joriy etilganda, fermerlar har yili kamida 15 ming dona texnika sotib olishga tayyor ekanligi ta'kidlandi.
Umuman, avtomobilsozlik sohasiga mas'ul shaxslarga joriy yil uchun ishlab chiqarish dasturini 10,5% o'sishni ta'minlash hisobiga qayta ko'rib chiqish buyurildi.
Source: kun.uz