Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligidagi yig‘ilishda assotsiatsiya rahbariyatining faoliyati yangi tashabbuslarning yo‘qligi va sohadagi qoniqarsiz ko‘rsatkichlar uchun tanqid qilindi.

Iqtisodiy o‘sish sur’atlarini oshirishga bag‘ishlangan majlisda "Uzcharmsanoat" rahbariyati soha rivojiga yangi yondashuvlarni kiritmaganligi va joylarda samarali ishni ta’minlamaganligi ta’kidlandi. Shu sababli, assotsiatsiya raisi Akbar Sultonovni lavozimidan ozod etish bo‘yicha ko‘rsatma berildi.

Qayd etilishicha, 972 ta poyabzal ishlab chiqarish korxonalaridan 378 tasi faoliyatini to‘xtatgan, yana 120 tasi o‘z quvvatlarining yarmidan kamini ishlatmoqda. Kalishlar, bog‘ichlar va aksessuarlar kabi yo‘nalishlarda importga bog‘liqlik saqlanib qolmoqda.

Natijada, o‘tgan yil yakunlarida e’lon qilingan 250 million dollarlik eksportning 40 foizigina ta’minlangan. Joriy yil uchun ishlab chiqarish va eksport rejasi ham qoniqarsiz deb topildi.

Akbar Sultonov assotsiatsiya raisi lavozimiga 2024-yil noyabr oyida tayinlangan edi.

Source: kun.uz