Mamlakatning ko‘p hududlarida bugun beqaror ob-havo kuzatiladi, yomg‘ir yog‘adi, ba‘zi joylarda kuchli bo‘lishi mumkin, lekin dam olish kunlari yog‘inlar to‘xtaydi va havo harorati oshadi.

Uzgidromet ma’lumotlariga ko‘ra, bugun kunduzi O‘zbekistonning aksariyat viloyatlarida beqaror ob-havo saqlanib, yomg‘ir yog‘adi, alohida tumanlarda kuchli bo‘lishi mumkin. Faqat shimoli-g‘arbiy qismida yog‘inlar kutilmaydi.

14 fevralga o‘tar kechasi yog‘inlar zonasi sharqqa siljiydi, yomg‘ir faqat markaziy, sharqiy tumanlar va eng janubda joyma-joy saqlanadi.

Shanba, 14 fevral va yakshanba, 15 fevral kunlari butun respublikada yog‘insiz ob-havo kutilmoqda. Kunduzgi harorat oshadi: bugun — 10-15°, yakshanbaga kelib — 17-22°, kechasi — 5-10°.

Shamol tezligi 7-12 m/s, ba‘zi joylarda tuman bo‘lishi mumkin. Tog‘ oldi va tog‘li hududlarda sel oqimlari va qor ko‘chkilarining xavfi saqlanmoqda.

Toshkent shahrida bugun kunduzning ikkinchi yarmida yomg‘ir yog‘adi, harorat 10-12°. Shanba kuni kechasi va ertalab yomg‘ir, kunduzi yog‘insiz. Yakshanba kuni yog‘insiz, kunduzgi harorat 17-20°, kechasi 6-9°. Sharqiy shamol 3-8 m/s, tuman bo‘lishi mumkin.

Source: kun.uz