Markaziy bankning Bank nazorati qo‘mitasi yanvar oyida olti marta yig‘ilib, 27 ta masalani ko‘rib chiqdi, deb xabar beradi regulyatorning matbuot xizmati.

Foto: Kun.uz

Qarorlarning katta qismi — 17 tasi — ro‘yxatga olish va ruxsat berish tartib-qoidalariga oid edi. Xususan, qo‘mita kredit tashkilotlarining nizomlariga kiritilgan to‘rtta o‘zgartirishni, banklarning ustav fondlaridagi ulushlarni sotib olish uchun ikki so‘rovni, to‘lov tashkilotlari tomonidan litsenziya olish uchun uchta arizani, shuningdek moliyaviy muassasalardagi rahbarlik va boshqa asosiy lavozimlarga beshta nomzodni ko‘rib chiqdi.

Bundan tashqari, kompaniyalarning o‘z arizalari asosida IT Unisoft Group to‘lov xizmatining litsenziyasi bekor qilindi, Baraka Biznes Hamkor va Effective Money esa mikro moliyaviy tashkilotlar reyestridan chiqarib tashlandi.

Qolgan o‘n masala kredit tashkilotlarining belgilangan talablarga rioya qilishiga tegishli edi. Qo‘mita ularning moliyaviy holatini, ilgari berilgan ko‘rsatmalar va prudensial normalarning bajarilishini, noqonuniy daromadlarni legallashtirishga qarshi kurash choralarini, shuningdek kiberxavfsizlik darajasini baholadi.

Yig‘ilishlar natijasida bank kartalari sohasida xizmatlar ko‘rsatishda talablarga rioya qilmaganligi va boshqa aniqlangan kamchiliklar uchun ettita bank va bitta mikro moliyaviy tashkilotga jarima sanksiyalari qo‘llanildi. Yana to‘rtta to‘lov xizmati ogohlantirish oldi.

Source: kun.uz