Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Shotlandiya janubidagi Milsington botqog‘idan 1820-yilda topilgan oltin qoplangan bronza oyoq, ehtimol, Rim imperiyasining shimoliy chegarasida — Antonin devori hududida — o‘rnatilgan imperator Antonin Piyning mahobatli otliq haykaliga tegishli bo‘lgan. Shotlandiya milliy muzeylari tarixga qadar davr san’ati va Rim arxeologiyasi bo‘limi bosh kuratori Freyzer Xanter boshchiligidagi ekspertlar guruhi shunday xulosaga keldi. Mutaxassislar haykalning tashqi ko‘rinishini rekonstruksiya qilishdi, ammo uning qolgan qismlari qayerdaligi hanuz noma’lum.

Asosiy faktlar: 1820-yilda topilgan va taxminan milodiy 140-yilga mansub “Milsington oyog‘i” haqiqiy inson oyog‘idan ancha katta bo‘lgan. Tadqiqotchilar uni Antonin devori hududida o‘rnatilgan Antonin Piyning otliq haykaliga bog‘lashdi. Haykalning asosiy qismlari va bezaklari hozircha topilmagan.

Ikki asr davomida ulkan oyoq Rim davriga oid bronza haykalning bir qismi ekani ma’lum bo‘lsa-da, u Shotlandiyaga janubroqdagi yerlardan, ehtimol, Rimga qarashli yirik Eborakum shahridan — hozirgi Yorkdan — o‘lja sifatida olib kelingan, deb taxmin qilingan. Oyoq topilgan Milsington botqog‘i Antonin devori chizig‘idan taxminan 80 kilometr janubda joylashgan. Yangi tahlillar mahalliy topilmaning imperiya chegarasidagi yirik yodgorlik bilan bevosita bog‘liq bo‘lishi mumkinligini ko‘rsatdi.

Antonin devorini rimliklar milodiy 142–154-yillarda, imperator Antonin Piy davrida qurgan va u Britaniyada Rimga qarashli yerlarning eng shimoliy chegarasini belgilab turgan. Antonin Piy milodiy 138–161-yillarda Rim imperatori bo‘lgan va imperator Adrianning vorisi edi. Adrianning buyrug‘i bilan milodiy 122–128-yillarda Shimoliy Angliyada, Shotlandiya bilan chegarada Adrian devori barpo etilgan. Rim hududlarini kengaytirishga intilgan Antonin Piy Britaniyadagi noibiga Shotlandiya janubiga bostirib kirish va Adrian devoridan taxminan 160 kilometr shimolda ikkinchi devorni qurishni buyurgan. Milodiy 161-yilda Antonin Piy vafot etgach, rimliklar Shotlandiyani tark etgan va Antonin devori qo‘riqchisiz qolgan.

Xanter va uning hamkasblari oyoq Antonin Piyning mahobatli otliq haykaliga tegishli bo‘lganini taxmin qilishdi. Haykal, aftidan, rimliklarning Janubiy Shotlandiyani zabt etishi sharafiga o‘rnatilgan. Rim chegaralaridan topilgan haykal parchalarini o‘rganish imperiya sarhadlari bo‘ylab joylashgan qal’alarda imperatorlarning bronza haykallarini, jumladan, otliq haykallarini o‘rnatish odatiy amaliyot bo‘lganini ko‘rsatgan. Bundan tashqari, Antonin Piy Shotlandiyadagi g‘alabalariga alohida ahamiyat bergani ma’lum: janubiy Shotlandiyani zabt etish uning imperiya tashqarisidagi harbiy yurishlari orasida “imperator” unvonini qabul qilish bilan nishonlangan yagona kampaniyasi bo‘lgan. Qadimgi Rimda bu so‘z davlat rahbarini emas, yirik g‘alaba uchun sarkardaga beriladigan faxriy harbiy unvonni anglatgan.

Shotlandiya milliy muzeylari matbuot xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, tadqiqot Rim chegaralaridagi haykaltaroshlik amaliyotini va Antonin devori hududidagi yodgorliklarni yaxshiroq tushunishga yordam beradi. Biroq haykalning qolgan qismlari, uning aniq o‘lchamlari va o‘rnatilgan joyi bo‘yicha savollar saqlanib qolmoqda. Olimlar keyingi izlanishlarda topilmaning kengroq arxeologik kontekstini aniqlashtirishga umid qilmoqda.

Source: kun.uz


So'nggi yangiliklar


Warning: foreach() argument must be of type array|object, false given in /srv/www/wordpress/components/com_content/src/Model/ArticlesModel.php on line 665

Warning: foreach() argument must be of type array|object, false given in /srv/www/wordpress/modules/mod_articles_latest/src/Helper/ArticlesLatestHelper.php on line 135