Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qozog'iston rahbari Qosim-Jomart Toqayev hamda Iordaniya Podshohi Abdulla II ning taklifiga binoan joriy yilning 5-6 noyabr kunlari amaliy tashrif bilan Ostona shahrida bo'lishi rejalashtirilgan. Ushbu safar doirasida davlat rahbari xalqaro ahamiyatga molik muhim tadbirlarda ishtirok etishi ko'zda tutilgan.

Xususan, tashrif davomida yetakchi sunʼiy intellekt sohasida xavfsizlikni taʼminlash, uning terroristik va ekstremistik maqsadlarda ishlatilishiga qarshi kurashish, shuningdek, yangi texnologik xatar hamda tahdidlarga o'z vaqtida javob qaytarishda xalqaro va mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash masalalariga bag'ishlangan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Aqaba jarayoni doirasidagi uchrashuvida qatnashadi.

Eslatib o'tamiz, Aqaba jarayoni 2015-yilda Iordaniya Podshohi Abdulla II tomonidan ilgari surilgan muhim xalqaro tashabbus hisoblanadi. Mazkur platforma terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashishda xalqaro hamkorlikni mustahkamlash, xavfsizlikni taʼminlash sohasida tajriba almashish hamda qo'shma saʼy-harakatlarni samarali muvofiqlashtirishga qaratilgan.

Source: kun.uz