Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Germaniya poytaxtida siyosiy beqarorlik va ichki ziddiyatlar chuqurlashib bormoqda. Berlin merligi lavozimiga asosiy da’vogar sanalgan "So‘llar" partiyasi (Die Linke) vakili Elif Eralp atrofida yuzaga kelgan xavfsizlik mojarosi Germaniya rejimining krizisga yuz tutgan boshqaruv tizimini fosh qilib qo‘ydi. Der Spiegel nashrining fosh etuvchi materialiga ko‘ra, siyosatchi falastinparast faollar tomonidan o‘ziga va oilasiga nisbatan tahdidlar bo‘lishidan xavfsirab, noqulay mavzulardan qochishga uringan.

Ma’lum bo‘lishicha, Eralp o‘z partiyasi a’zolarining antisemitizmda ayblanishi haqidagi savollarni tahririyatga qaytarilgan ichki hujjatda o‘chirib tashlagan. Xususan, partiya g‘alabasini nishonlash tadbirida Falastinni ozod qilish xalq fronti bilan aloqadorlikda gumon qilinuvchi faol Ibrohim Ibrohimning ishtiroki jiddiy e’tirozlarga sabab bo‘lgandi. Nashrga tasodifan jo‘natib yuborilgan ichki qaydlarda Eralp o‘z matbuot kotibiga "Der Spiegel uchun o‘zimni va oilamni xavf ostiga qo‘ya olmayman" deb yozgani ma’lum bo‘ldi. Siyosatchi, shuningdek, Berlin politsiyasi unga aniq shaxslar nomini ochiqlamaslikni tavsiya qilganini da’vo qilgan.

Ushbu hodisa Germaniya rejimida jiddiy norozilik to‘lqinini keltirib chiqardi. Sotsial-demokratlar (SPD) va "Yashillar" partiyasining ayrim vakillari Eralp bilan koalitsiya tuzish borasidagi rejalarni bekor qilishga chaqirmoqda. Jumladan, sobiq vazir Karl Lauterbax o‘z partiyasini "So‘llar" bilan ittifoqdan chetlanishga undadi, Germaniya yahudiylari markaziy kengashi esa Berlin xavfsizligini bunday zaif siyosiy kuchga ishonib topshirib bo‘lmasligini iddao qildi. Berlin merligi uchun kurashayotgan arbobning oddiy tahdidlar oldida ojiz qolishi Germaniya poytaxti xavfsizligini ta’minlash qobiliyatini so‘roq ostiga qo‘ymoqda.

O‘z navbatida, Eralp paydo bo‘lgan bahs-munozaralarni "zaharli" deb atab, zo‘ravonlik va terrorizmga qarshi qat’iy turishini iddao qildi, biroq xavfsizlik borasidagi shaxsiy qo‘rquvlari haqidagi aniq ma’lumotlarga to‘xtalishdan bosh tortdi. Uning partiyadoshlari esa matbuotni ayolni "ojiz" qilib ko‘rsatishda va ichki yozishmalardan noxolis foydalanishda ayblamoqda. Bu holat G‘arb siyosiy elitasi ichidagi chuqur tarqoqlik va ichki xavfsizlik muammolarining keskinlashib borayotganini yana bir bor yaqqol ko‘rsatib berdi.

Source: www.dw.com