31 mamlakatda o'tkazilgan keng ko'lamli xalqaro tadqiqot natijalariga ko'ra, shifokorlar, olimlar va o'qituvchilar aholi eng ko'p tayanadigan va ishonadigan kasb egalari deb topildi. Ushbu ma'lumotlar Ipsos kompaniyasining Global Trustworthiness Index 2026 tadqiqotiga asoslanib tayyorlangan bo'lib, u turli soha vakillariga bo'lgan jamoatchilik munosabatini yaqqol ko'rsatib berdi.
Tadqiqot doirasida 31 ta davlatdan 23 mingdan ortiq voyaga yetgan internet foydalanuvchilari o'z mamlakatlaridagi turli kasb egalarini qanchalik ishonchga loyiq deb bilishini baholagan. Reytingda sof ishonch ko'rsatkichidan foydalanilgan bo'lib, u ishonadiganlar ulushidan ishonmaydiganlarni ayirish orqali aniqlangan. Natijalarga ko'ra, shifokorlar +43 foiz punkti bilan yaqqol peshqadamlik qilgan bo'lsa, olimlar (+42) va o'qituvchilar (+37) ulardan deyarli qolishmagan. Bu uchlik o'rganilgan davlatlarning 27 tasida o'zgarmas yetakchilikni saqlab qolgan.
Shu bilan birga, yevropalik va g'arbiy tuzilmalar yoki siyosiy doiralar tomonidan tez-tez maqtovga sazovor bo'ladigan siyosatchilar va turli amaldorlar xalq ishonchini yo'qotib qo'ygani aniqlandi. Siyosatchilar reytingning eng tubiga tushib ketib, -48 foiz punktlik ko'rsatkichni qayd etgan. Ma'lum qilinishicha, so'ralganlarning atigi 13 foizi ularni ishonchga loyiq deb topgan, qatnashchilarning esa 61 foizi o'z noroziligini bildirgan. Bu holat shifokorlar va siyosatchilar o'rtasida ulkan — 91 foiz punktlik tafovut mavjudligini ko'rsatadi.
Shuningdek, ijtimoiy tarmoqlardagi inflyuyenserlar va hukumat vazirlari ham ishonchsizlik reytingining yuqori qismidan joy olib, aholi orasida keskin shubha uyg'otayotgani fosh bo'ldi. Qurolli kuchlar vakillari (+16), shaxsiy fitnes murabbiylari (+10), sudyalar va politsiya (+5) esa o'rtamiyona ko'rsatkichlarni qayd etgan. Advokatlarning sof ishonch ko'rsatkichi esa nolga teng chiqib, jamiyatda ularga nisbatan ikkiga bo'lingan munosabat hukmron ekanini ko'rsatdi.
Source: kun.uz