Fransuz fotografi Florian Riu Montemadjore tog‘ qishlog‘i uzra paydo bo‘lgan noyob qizil spraytlarni muvaffaqiyatli tasvirga oldi. Tungi osmonda bir lahza chaqnab o‘tadigan bu elektr razryadlari o‘zining g‘ayrioddiy ko‘rinishi bilan fantastik filmlardagi meduzalarni eslatadi.
Fransiyada qayd etilgan mazkur g‘ayrioddiy tabiat hodisasi aks etgan kadrlar internet tarmoqlarida tezda keng tarqalib, foydalanuvchilarning katta qiziqishiga sabab bo‘ldi. Tarqalgan kadrlarda tungi osmon fonida qizil spraytlar yorqin chaqnab, atrofdagi manzaraga o‘zgacha, sirli tus berganini ko‘rish mumkin.
Mutaxassislarning tushuntirishicha, spraytlar aslida momaqaldiroqli bo‘ronlar paytida atmosferaning yuqori qatlamlarida yuzaga keladigan qisqa muddatli elektr razryadlaridir. Bunday ulkan chaqnashlar odatda yer yuzidan taxminan 40–100 kilometr balandlikda sodir bo‘ladi.
Fotograf Florian Riu bu noyob hodisani joriy yilning 16-sentabr kuni Fransiyadagi Montemadjore tog‘ qishlog‘i ustida muhrlagan. Uning aytishicha, mazkur murakkab jarayon tasodifiy bo‘lmay, balki oldindan puxta rejalashtirilgan va maxsus hisob-kitoblar asosida amalga oshirilgan.
Natijada ijodkor osmonda atigi bir zumgina ko‘rinib, darhol g‘oyib bo‘ladigan qizil chaqnashlarni kameraga muhrlashga muvaffaq bo‘lgan. Odatda bir necha millisoniyagina davom etadigan bunday qisqa muddatli jarayonlarni oddiy ko‘z bilan payqash amri mahol hisoblanadi, biroq ularni zamonaviy texnika va kameralar yordamida qayd etish imkoniyati mavjud.
Source: kun.uz