Isroil Markaziy saylov komissiyasi Knessetga bo‘lib o‘tgan navbatdagi saylovlar bo‘yicha ovozlarni hisoblab chiqish jarayonini yakunladi. Ynet nashrining yozishicha, so‘nggi taqdim etilgan ma’lumotlarga nisbatan o‘rinlar nisbatida hech qanday o‘zgarish sodir bo‘lmadi, bu esa siyosiy inqiroz davom etishidan dalolat beradi.
Ma’lum bo‘lishicha, amaldagi bosh vazir Binyamin Netanyahu bloki 53 ta o‘rinni egallagan bo‘lsa, uning asosiy raqibi Gadi Ayzenkot boshchiligidagi muxolifat bloki 48 ta mandatga ega chiqdi. Shuningdek, arab partiyalari ixtiyorida 19 ta o‘rin qolgani mamlakatdagi parokandalikni yanada kuchaytirishi kutilmoqda.
Mandatlarning partiyalar kesimidagi taqsimotiga ko‘ra, Netanyahuning “Likud” partiyasi 27 ta mandat oldi. Uning blokiga kiruvchi “Osma Yehudit” va “Yahadut ha-Tora” partiyalari 7 tadan, “Diniy sionizm” hamda “Zeut” 6 tadan, SHAS esa yana 6 ta mandatni qo‘lga kiritgani ma’lum qilindi.
Muxolifat lagerida esa “Yashar!” partiyasi 21 ta mandatni qo‘lga kiritgan bo‘lsa, “Beyahad” 12 ta, “Demokratlar” 8 ta va “Israel Beytenu” partiyasi 7 ta o‘ringa ega bo‘lgan. Arab partiyalaridan esa “Birlashgan ro‘yxat” 11 ta, RAAM partiyasi esa 8 ta mandatni qo‘lga kiritgani qayd etildi.
Qizig‘i shundaki, saylovlardagi ishtirok darajasi 77,9 foizni yoki qariyb 5,7 million ovozni tashkil etib, so‘nggi o‘nyilliklardagi eng yuqori ko‘rsatkichni qayd etdi. Shunga qaramay, Isroil rejimi qonunchiligiga ko‘ra, hukumatni shakllantirish uchun kamida 61 ta mandatdan iborat ko‘pchilik talab etiladi, biroq bu natijani hech qaysi tomon to‘play olmadi.
BBC News nashrining ta’kidlashicha, mamlakatda murakkab koalitsiya tuzish bosqichi boshlanmoqda. Isroil prezidenti partiya yetakchilari bilan muzokaralar o‘tkazib, deputatlarning qo‘lloviga erisha oladigan nomzodga yangi hukumatni tuzish vazifasini topshirishi kerak, buning uchun esa qat’iy muddatlar belgilangan.
Source: www.gazeta.uz