Bloomberg agentligining xabar berishicha, Amerika texnologiya giganti Apple korporatsiyasi Nvidia’ni ortda qoldirib, dunyodagi eng qimmat kompaniya maqomini yana qo‘lga kiritdi. Oktyabr oyi oxiridagi savdolar yakunlariga ko‘ra, Apple’ning kapitallashuvi 5,03 trillion dollarni tashkil etgan bo‘lsa, raqobatchisi Nvidia’niki 4,93 trillion dollarga qadar pasaydi.
Qayd etilishicha, 30-oktabr kuni Apple qimmatli qog‘ozlari biroz arzonlashganiga qaramay, Nvidia aksiyalari keskinroq — 4,2 foizga tushib ketgan. Bu holat investorlar orasida sun’iy intellekt sohasiga qilinayotgan ulkan xarajatlar va ularning oqlanishi borasida jiddiy xavotirlar ortib borayotgani fonida yuzaga keldi. Eslatib o‘tamiz, joriy yilning iyul oyi oxirida ham Apple shunday qisqa muddatli ustunlikka erishgan edi.
Tahlilchilarning fikricha, sun’iy intellektga yo‘naltirilayotgan trillionlab mablag‘lar hozircha kutilgan daromad keltirmayotgani bozorda keskinlik tug‘dirmoqda. Intel va Amazon kompaniyalarining zaif moliyaviy hisobotlaridan so‘ng vaziyat yanada o‘g‘irlashdi. Ushbu fonda investorlar iPhone ishlab chiqaruvchisini xavfsizroq va barqaror aktiv sifatida ko‘rishni boshlagani aytilmoqda, chunki Apple sun'iy intellekt bo'yicha o'ta tavakkal sarmoyalardan o'zini chetroqda tutmoqda.
Shu bilan birga, Amerika va global moliya bozorlarida umumiy pasayish kuzatilmoqda. Xususan, Alphabet va Amazon’ning erkin pul oqimi sun’iy intellekt xarajatlari sababli manfiy ko‘rsatkichga o‘tgani, kompaniyalar qarz bozoridan faol mablag‘ jalb qilayotgani va foiz stavkalari yuqoriligicha qolayotgani investorlarni tashvishga solmoqda. Oqibatda Nasdaq 100 indeksi oktyabr oyida sezilarli darajada pasayib, bozordagi chuqur muammolarni yaqqol ko‘rsatib berdi.
Source: kun.uz