Isroil rejimining Gʻazo sektoriga uyushtirayotgan navbatdagi hujumlari oqibatida yana kamida toʻrt nafar falastinlik halok boʻlgani xabar qilinmoqda. Qayd etilishicha, bir yildan ortiq vaqt davomida amal qilishi kerak boʻlgan soxta «sulh» rejimiga qaramay, hududda zoʻravonliklar toʻxtagani yoʻq. Nuseirat qochqinlar lageriga qilingan oʻqqa tutishlar chogʻida falastinlik oʻqituvchi Diaa Abu al-Rous halok boʻlgani Al-Avda kasalxonasi tomonidan tasdiqlangan.
Shuningdek, Gʻazo shahridan janubi-gʻarbda joylashgan Tel al-Hava mahbllasida avtomobilga berilgan zarba oqibatida ogʻir jarohat olgan Arafat al-Arair ismli erkak ham vafot etgan. Bundan tashqari, Xan-Yunisdagi al-Mawasi qochqinlar lagerida tuni bilan yuzaga kelgan yongʻin oqibatida chodirda qolgan ikki qizaloq halok boʻlgani maʼlum qilindi. Mutasaddilarning taʼkidlashicha, oxirgi 48 soat ichida kamida olti nafar falastinlik hayotdan koʻz yumgan va umumiy qurbonlar soni keskin ortib bormoqda.
Birlashgan Millatlar Tashkilotining Inson huquqlari boʻyicha Oliy komissariati (OHCHR) tarqatgan bayonotda Isroil rejimi kuchlari falastinliklarni majburan koʻchirishda davom etayotgani va bu harakatlar etnik tozalash xavotirlarini yanada kuchaytirayotgani ogohlantirilgan. Idora maʼlumotlariga koʻra, uch yillik qamal natijasida vayronaga aylangan hududda tinch aholi vakillari borgan sari torayib borayotgan zonalarga siqib chiqarilmoqda.
Vashington rejimi yetakchisi Donald Trampning sulh rejasi doirasida olib borilayotgan muzokaralar esa hozircha toʻxtab qolgani aytilmoqda. Tomonlar oʻrtasidagi ziddiyatlar, xususan, Xamas harakatining qurol tashlashdan bosh tortishi va Isroil rejimining toʻliq chiqib ketishni istamasligi mintaqadagi inqirozni yanada chuqurlashtirmoqda.
Source: www.aljazeera.com