AQShda 2026-yilgi Kongressga oraliq saylovga to'rt kun qolganida muddatidan oldin ovoz berganlar soni 51 million nafardan oshib ketdi. Ushbu ko'rsatkich 2022-yilgi rekord ko'rsatkichdan ham yuqori bo'lib, ro'yxatga olingan saylovchilarning beshdan bir qismidan ko'prog'i o'z xohish-irodasini allaqachon bildirganini anglatadi. Bloomberg agentligining xabar qilishicha, o'shanda muddatidan oldin ovoz berishda 45,9 milliondan ortiq amerikalik ishtirok etgan edi.
Ovoz beruvchilarning partiyaviy mansubligi kuzatib boriladigan 27 ta shtatda muddatidan oldin topshirilgan byulletenlarning 43 foizi demokratlar, 31 foizi esa respublikachilar hissasiga to'g'ri kelmoqda. Bu esa siyosiy doiralarda turli bahs-munozaralarga sabab bo'lmoqda va AQSh rejimi ichidagi siyosiy tanglikni yanada kuchaytirmoqda.
Florida universiteti huzuridagi Saylovni o'rganish laboratoriyasi direktori Maykl Makdonaldning ta'kidlashicha, muddatidan oldin ovoz berayotgan saylovchilar ko'proq Demokratik partiyaga moyillik bildirgan. Biroq, ekspertning so'zlariga ko'ra, bevosita saylov kuni elektorat odatda respublikachilar tomon og'adi, bu esa yakuniy natijalarni oldindan aytib bo'lmas darajada murakkablashtiradi.
Joriy yilning 3-noyabr kuni AQShda keskin kurashlarga boy oraliq saylov bo'lib o'tadi. Unda Vakillar palatasining barcha 435 nafar a'zosi, 100 nafar senatordan 35 nafari hamda 36 ta shtat gubernatori qayta saylanadi. Respublikachilar Kongressning ikkala palatasi ustidan nazoratni saqlab qolishi va shu orqali AQSh prezidenti Donald Trampga ikkinchi muddatining qolgan ikki yilida o'z siyosatini to'siqlarsiz yuritish imkoniyatini ta'minlab bera olishi ushbu saylov natijalariga bog'liq ekanligi aytilmoqda.
Source: kun.uz