Birlashgan Millatlar Tashkiloti Yaman hududida husiylar qamoqxonasida vafot etgan o‘z xodimining o‘limi yuzasidan zudlik bilan va to‘laqonli tergov o‘tkazishni talab qilib chiqdi. Ushbu fojeali holat xalqaro tashkilotlar va mahalliy guruhlar o‘rtasidagi ziddiyatlarni yana-da keskinlashtirishi mumkinligi taxmin qilinmoqda.
Maʼlum qilinishicha, BMTning Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissariati (OHCHR) xodimi Muhammad al-Shomiy bundan bir oydan ko‘proq vaqt oldin vafot etgan, biroq uning oilasiga bu haqda faqat yaqindagina xabar berilgan. Husiylar vakillari marhumning o‘lim sabablari haqida aniq maʼlumot taqdim etmagani turli savollarni tug‘dirmoqda.
BMT Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari Folker Turk husiylar maʼmuriyatidan to‘liq shaffoflik va mustaqil tergov o‘tkazishni talab qildi. Al-Shomiy 2024-yil iyun oyidan beri BMT va boshqa NNTlarning 60 dan ortiq xodimlari bilan birga asossiz ravishda hibsda saqlanayotgan edi.
Shuningdek, BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish ham yuzaga kelgan vaziyat yuzasidan o‘zining jiddiy xavotirini bildirib, halok bo‘lgan xodimning yaqinlari haqiqatni bilishga haqli ekanligini taʼkidladi. Tashkilot xavfsizlik xavotirlari sababli Yamanning ayrim hududlaridagi o‘z faoliyatini vaqtincha to‘xtatishga majbur bo‘lgan.
Source: www.aljazeera.com