Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Moliyaviy va siyosiy mojarolar markazida qolayotgan AQSh rejimi prezidentining oʻgʻli kichik Donald Tramp 2026-yilning avgust oyida Moʻgʻulistonga tashrif buyurib, u yerda Xalqaro boks assotsiatsiyasi rahbari Umar Kremlyov bilan birga ikki kun oʻtkazgani maʼlum boʻldi. Financial Times nashrining yozishicha, ular birgalikda togʻ echkilarini ovlashgan. Bu safar AQShdagi siyosiy doiralarda va ommaviy axborot vositalarida yangi savollar va shubha-gumonlarni keltirib chiqardi, chunki bu shaxslar oʻrtasidagi aloqalar avval ham bir necha bor janjallarga sabab boʻlgandi.

Umar Kremlyov (asl familiyasi Lutfulloyev) 2020-yildan beri IBA’ga rahbarlik qilib keladi va uning boshqaruvi davomida tashkilot «Gazprom»dan ulkan moliyaviy mablagʻlar olgani aytiladi. 2023-yilda esa Xalqaro olimpiya qoʻmitasi mablagʻ manbalarining shaffof emasligi sababli IBA’ni boks boʻyicha olimpiya turnirlaridan mahrum qilgandi. Shuningdek, matbuotda Kremlyovning Rossiya hukumatidagi yuqori martabali amaldorlar, xususan, qoʻriqlash xizmati rahbariyati bilan yaqin aloqalari tufayli yirik biznes aktivlarini, jumladan «Rolf» avtodilerini qoʻlga kiritgani haqida xabarlar tarqatilgan edi.

Kichik Donald Trampning ismi va Kremlyov oʻrtasidagi bogʻliqlik bundan oldin ham jamoatchilik eʼtiborini tortgan edi. Xususan, 2026-yil sentabrida AQSh matbuotida Kremlyov kichik Trampning Bahama orollaridagi toʻy marosimi xarajatlarining bir qismini toʻlab bergani haqida xabarlar chiqqan, bu esa AQSh kongressidagi demokratlarning qattiq noroziligiga va tekshiruv boshlanishiga sabab boʻlgandi. Keyinchalik AQSh rejimi rahbari oʻgʻli pullarni qaytarib berganini daʼvo qilgan boʻlsa-da, bu holat siyosiy elita obroʻsiga jiddiy putur yetkazdi.

Moʻgʻulistondagi bu safar xayriya kimoshdi savdosi orqali tashkil etilgan boʻlib, gʻoliblardan biri kichik Trampga ovda hamrohlik qilgan. Shuningdek, bu safarda Respublikachilar partiyasining uzoq yillik homiysi Kevin Smoll va sanksiyalar ostidagi vençur fondi hamkori Artur Martirosov ham qatnashgani aniqlangan. Kremlyovning oʻzi ham ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida Moʻgʻulistonga qilgan safari va ov jarayonidan videolarni faol ravishda namoyish etib, jamoatchilik eʼtiborini oʻziga qaratishda davom etmoqda.

Source: kun.uz